COVID-19 ga qarshi kurashda O‘zbekiston mintaqa davlatlariga o‘rnak bo‘ldi – Haberturk

Tahlil

image

Turkiyaning yuqori reytingga ega bo‘lgan “Haberturk” nashri O‘zbekistonning mart oyidan boshlab davom etayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasidagi faoliyatini tahlil qilib, mamlakatning qo‘lga kiritgan yutuqlari mintaqada boshqa davlatlarnikidan ajralib turgani, kasallanish va o‘lim holati past darajadaligi, sog‘ayish ko‘rsatkichi yuqorilab borayotgani va bunga o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar sabab bo‘lganini aytib chiqdi. Nashr tahlilida O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga namuna sifatida ko‘rsatilgan. Unda shunday yoziladi: 

Koronavirus epidemiyasining birinchi kunlaridan boshlab, O‘zbekiston hukumati boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, Navro‘z kabi ommaviy marosimlarni va maktablar faoliyatini to‘xtatdi. Boshqa mamlakatlar bilan havo va quruqlik yo‘llari yopildi, temir yo‘llar qatnovi to‘xtatildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Epidemiya boshlanishi bilan fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan jami 14 banddan iborat qarorni imzoladi. 

Epidemiya butun dunyoga tarqalishi bilan, O‘zbekiston hukumatining muvaffaqiyatli kurashi mintaqadagi mamlakatlar bilan taqqoslaganda juda kam yo‘qotishlarni ta’minladi. Epidemiya tarqalish tezligi pasayganidan keyin boshlangan normallashuvdan so‘ng, yana kasallanish ko‘rsatkichi o‘sishi kuzatildi. Yangi holatlar sonining o‘sishi hukumatni erta choralar ko‘rishga majbur qildi. Mamlakatdagi epidemiya tezligi yana erta choralar ko‘rilishi ortidan nazorat ostiga olindi. 

O‘zbekiston hukumati tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslar sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini, individual himoya vositalari va boshqa tibbiy asbob-uskunalarni mustahkamlashga sarflandi.

Inqirozga qarshi olib borilgan moliyaviy choralar doirasida Moliya vazirligi tomonidan 10 trillion so‘m (1 milliard AQSH dollari) miqdorida Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu fonddan 5 293 milliard so‘m (520 million AQSH dollari) mablag‘ sarflangan. Bundan tashqari, koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish uchun qo‘shimcha investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 746 milliard so‘m (74 million AQSH dollari), qo‘shimcha investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 741 milliard so‘m (170 million dollar), fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish uchun 641 milliard so‘m (62 million dollar), iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 166 milliard so‘m (210 million AQSH dollari) ajratildi. O‘z vaqtida olingan chora-tadbirlardan 500 mingdan ortiq korxona va 8 million fuqaro foydalandi va viloyatlarda bu miqdor 30 trillion so‘m (3 milliard AQSH dollari)ni tashkil etdi. 

Hozirda mintaqadagi mamlakatlar bilan taqqoslaganda, O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi yuqori va yangi holatlar nisbatan kam. O‘zbekistonda bemorlar soni har yuz ming kishiga 35 nafardan to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 484,  Belarusda 681, Qozog‘istonda 291, Qirg‘izistonda 143 va Armanistonda 1024 kishini tashkil qiladi. 34 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda kasallanish soni 18,5 million aholiga ega bo‘lgan Qozog‘istonga nisbatan 5 baravar kam. 

Mamlakatda koronavirus infeksiyasidan o‘lim darajasi ham juda past – 0,4 foiz. Bu Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlarga qaraganda 2-3 baravar kam degani. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 1,5%, AQSHda 4%,  Braziliyada 3% va Hindistonda 3%ni tashkil etmoqda. 

O‘zbekiston bu natijaga qanday erishdi? 

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallangan fuqarolarni aniqlash va ularga zarur yordam ko‘rsatish to‘laligicha davlatning zimmasida. Koronavirusga qarshi kurashga jami 1,7 trillion so‘m (1,7 milliard AQSH dollari) ajratildi. Har bir bemorga o‘rtacha 32,3 million so‘m (3200 AQSH dollari), intensiv terapiyada davolanuvchilar uchun 64,4 million so‘m (6300 AQSH dollari) sarflanadi. Fair Health ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda koronavirus bilan kasallanganlar uchun 73,3 ming dollar, agar ularning sug‘urtasi bo‘lmasa, 38 ming dollar sarflanadi. 

COVID-19 jarayonida O‘zbekiston hukumati sog‘liqni saqlash xodimlari uchun 878 ming dona kombinezonlar yetkazib berdi. Shu bilan birga Toshkent shahridagi 4 637 o‘rinli 16 ta sog‘liqni saqlash markazlarining 3 580 ta yotoqlarini COVID-19  kasallariga ajratdi. Viloyatlarda koronavirus bilan kasallanganlar uchun jami 3 367 o‘rinli 22 ta shifoxona ajratilgan. Epidemiya davrida 7 130 ta zaxira yotoqlar foydalanishga topshirildi va Toshkentda ochilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasida taxminan 2000 nafar bemorni davolash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab umumiy yotoq hajmi 10 ming kishiga mo‘ljallangan karantin markazlarida tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 

Iqtisodiyotga qaratilgan e’tibor bilan imkoniyatlar saqlab qolindi

Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston hukumati avval daromad solig‘ini nolga tushirdi. Sog‘liqni saqlash va bojxona to‘lovlari, ayniqsa, pandemiyadan zarar ko‘rganlar uchun to‘lovlar kechiktirildi. Kichik va o‘rta biznes qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘idan ozod etildi. 

Ushbu davr mobaynida xizmat ko‘rsatish sohasida 60% va ishlab chiqarish sohasida 77% korxonaning faoliyati saqlab qolindi. May oyining o‘rtalaridan boshlab kichik va o‘rta biznesga yetadigan zararning oldini olish bo‘yicha bosqichma-bosqich ish olib borilmoqda. 

Amaldagi korxonalarni rivojlantirish va yangilarini ochish orqali 3 oy ichida 374 ming fuqaro ish bilan ta’minlandi. 33 ming kam ta’minlangan oilalarga moliyaviy yordam, 27 ming ishsiz fuqaroga 10 milliard so‘m (1 million AQSH dollari) miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. 

Xalqaro institutlarning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning barcha mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish pasaygan. Biroq, o‘sish ko‘rsatkichi O‘zbekistonda saqlanib qolmoqda. Jahon bankining aprel oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, butun yil davomida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 1,6%, Fich Ratings hisobiga ko‘ra o‘sish 2% ni tashkil etadi. YeTTBning may oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 1,5 foizga o‘sishi mumkin. 

Xulosa qilib aytganda, mamlakatda epidemiya davrida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli iqtisodiy inqiroz bir oydan ortiq kuzatilmadi. Mamlakatda cheklovlarni yumshatish va hayotni tiklash jarayoni jadal davom etmoqda. 

Xorijiy savdoda ham yuqori natija

Bugun har qanday sohada O‘zbekiston taraqqiyoti yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda. Mamlakat bo‘ylab tashqi savdo aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Mamlakat umuman demokratik o‘zgarishlarga, shuningdek, iqtisodiy ehtiyoj va talablarga javob beradigan maqomga ega. Shu o‘rinda, yirik iqtisodiyotga ega bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari, O‘zbekiston bilan umumiy aloqada bo‘lgan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda turadi. Hamkorlik doirasidagi ikki tomonlama munosabatlar darajasi raqamlarda aks etadi. 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2018 yilga nisbatan 44 foizga, import hajmi esa 49,9 foizga o‘sdi. 

Pandemiyaga qaramay, qayd etilgan yuqori ko‘rsatkichlar o‘zaro munosabatlar uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining amaliy va uzoq muddatli iqtisodiy siyosati samarasi ekani va mavjud salbiy vaziyat vaqtinchalik ekanini isbotlamoqda. 

O‘zbekistondagi ichki va tashqi iqtisodiy siyosat dunyo e’tiborini tortmoqda. Siyosatshunoslar O‘zbekistonning o‘zgarayotgani va tashqi siyosiy yutuqlari haqida fikr bildirmoqda. Bularning barchasi mamlakatning jahon hamjamiyati bilan birlasha boshlaganligini ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus

Baholaganlar

97

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing