COVID-19 ga chalingan fuqaro vaksina oladimi? Vazirlik emlash bo‘yicha ma’lumot berdi
Intervyu
−
13 yanvar 2021
16847Ma’lumki, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasining III faza klinik sinovlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur vaksinaning I va II faza klinik tadqiqotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Uning xavfsiz ekanligi qayd etilgach, III faza vaksina sinovlari amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Vaksinani olish uchun 18 yosh va undan yuqori bo‘lgan ko‘ngilli fuqarolar qabul qilinmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Mas’udbek Matyakubovga butun dunyoni larzaga solgan tojdorvirusga qarshi emlanish jarayoni qay tarzda amalga oshirilayotgani haqidagi savollarga javob berdi.
– Qanday tekshiruvdan o‘tish kerak?
– Avvalambor, vaksinani olish maqsadida tashrif buyurgan ko‘ngilli fuqaro bilan savol-javob orqali surishtirish ishlari olib boriladi va uning sog‘lig‘iga baho beriladi. Deylik, insonda surunkali kasalliklar, allergik holatlarga moyilligi yoki yuqori qon bosimining oshishi kabi holatlarini bilishimiz muhim. Qolaversa, qon kasalliklari hamda onkologik xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorga ham vaksina olish ta’qiqlanadi.
Bundan tashqari reproduktiv yoshdagi, ya’ni homilador yoki farzand ko‘rish istagida bo‘lgan ayollarimiz ham klinik sinovda qatnasholmaydilar.
Vaksina olish istagida kelgan har bir fuqaro ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Tabiiyki, nazoratimiz ostida ular bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Keyin esa tartib qoidaga muvofiq uning antropometrik belgilari - bo‘yi va vazni o‘lchanadi. Shuningdek, immunoferment (IFA) tahlil sinamasini olishga ko‘rsatma beriladi. Ushbu tekshiruvning natijasi 20 daqiqani ichida tayyor bo‘ladi. Bu orqali qonda virusga qarshi antitanachalar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritiladi. Bu esa fuqaro oldin koronavirusga chalinmaganligini bilish uchun kerakli faktordir.
– COVID-19 bilan kasallangan fuqaro vaksina oladimi?
– IFA tekshiruvidan so‘ng fuqaroning tahlil natijasi manfiy ko‘rsatgichni ko‘rsatgan taqdirda ham undan keyingi jarayon, ya’ni PZR (polimeraz zanjir reaksiyasi) tekshiruvini amalga oshiramiz. Uning natijasi bir kundan so‘ng tayyor bo‘ladi. Albatta, bu ham manfiy bo‘lgandan keyingina shifokor tomonidan fuqaroga vaksina olishga rozilik beriladi. Kovidni boshidan o‘tkazgan bemorda antitanachalar borligi sababli u sinovda qatnasholmaydi. Bu klinik tadqiqot yig‘ishimizga noto‘g‘ri ma’lumotni ko‘rsatadi.
To‘g‘risi, vaksina olish istagida kelgan ayrim insonlarda tekshiruvdan so‘ng koronavirusni boshidan o‘tkazganligi ma’lum bo‘lmoqda. Ular bundan, hatto hayratlanishyapti. Bu asosan virusning yengil turini boshidan o‘tkazgan bemorlarda kuzatilmoqda. Negaki tojdorvirusning belgilari oddiy grippga ham o‘xshaydi.
– Vaksina qanday tartibda amalga oshiriladi?
– Klinik tekshiruvda ko‘ngilli insonlarning har bir ma’lumoti bizda saqlanadi. Fuqarolarning ro‘yxati shakllantiriladi. Vaksina olgan kunidan 30-kunida, ikkinchi emlanish jarayoni amalga oshiriladi. Shundan keyingi uchinchi dozasi 60-kunida qo‘llaniladi. Biroq emlangan fuqaro birinchi vaksina qilingan muddatdan boshlab, bizning nazoratimizda bir yil davomida bo‘ladi. Ahvoli va sog‘lig‘i doimiy ravishda so‘rab turiladi. Shuningdek, har safar vaksina olishdan avval kerakli tekshiruvlardan qaytadan o‘tkazilishlari lozim.
Agar, klinik tadqiqot davom etayotgan paytda xoh birinchi doza yoki ikkinchi doza bo‘lsin fuqaroda og‘ir nojo‘ya o‘zgarishlar kuzatilayotgan bo‘lganda ular ko‘rsatmaga binoan shifoxonaga yotqiziladi hamda davolash muolajalari amalga oshiriladi.
– Qanday nojo‘ya o‘zgarishlar kuzatildi?
– Odatda, emlangan insonda tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik yoki ko‘ngil aynish holatlari kuzatiladi. Hozirgi paytgacha, hali bunday noxush shikoyatlar bilan murojaatlar bo‘lgani yo‘q.
Hozirda vaksina olish istagida bo‘lgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining (mininnovation.uz) saytida alohida bo‘lim ajratilgan. Tegishli sahifa orqali fuqaro onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
LiveBarchasi