Covet ayg‘oqchisining nevarasi Fransiya prezidenti bo‘lmoqchi
Olam
−
24 avgust 1931 3 daqiqa
Yevroparlament deputati va “Jamoatchilik maydoni” (Place Publique) so‘l markazchi partiyasi yetakchisi Rafael Glyuksmann Fransiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. Bu haqda u kecha, 23 avgust kuni TF1 telekanali efirida so‘z ochdi.
U Sotsialistik partiya va “Jamoatchilik maydoni” tomonidan tashkil etiladigan praymerizda ishtirok etishga hamda tarqoq so‘l elektoratni birlashtirishga harakat qilishni niyat qilgan. Glyuksmann mo‘’tadil so‘l kuchlarning yagona nomzodiga aylanishni va so‘l radikal Jan-Lyuk Melanshonga hamda so‘rovnomalarda yetakchilik qilayotgan o‘ng radikal Marin Le Penga raqobat tug‘dirishni rejalashtirmoqda.
“Men nomzodimni qo‘yyapman, chunki Fransiyani oyoqqa turg‘izishni xohlayman. Mamlakatimiz nimaga aylanayotganini ko‘rganimizda hammamizning yuragimiz og‘riydi. Biz ushbu saylovlarda g‘alaba qozonishimiz va fransuzlar hayotini o‘zgartirishimiz mumkin”, deydi u.
Mo‘’tadil so‘llarning yagona nomzodiga aylanish uchun Glyuksmann Sotsialistik partiyaning praymerizida ishtirok etmoqchi. U yerda u bir qator mashhur fransuz siyosatchilari bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ehtimoliy da’vogarlar orasida deputat Filipp Bryun, sobiq ekologiya vaziri Segolen Ruayal, sobiq prezident Fransua Olland va sotsialistlar yetakchisi Olive For tilga olinmoqda.
2024 yilgi parlament saylovlarida Glyuksmann va boshqa so‘l kuchlar Jan-Lyuk Melanshonning “Egilmas Fransiya” so‘l radikal partiyasi bilan “Yangi xalq fronti” blogiga birlashib, birinchi o‘rinni egallagan. Bu safar bunday ittifoq kutilmayapti: Melanshon sotsialistlarning praymerizida ishtirok etishdan bosh tortgan va mustaqil ravishda nomzodini qo‘ymoqchi. Glyuksmann, o‘z navbatida, “Melanshon bilan boshqa hech qanday kelishuvlar bo‘lmasligiga” va’da bergan.
“Bloomberg”ning qayd etishicha, “Ekologlar” so‘l markazchi partiyasi hozirda ikkala lager bilan ham muzokaralar olib bormoqda. Shu tariqa, Fransiyadagi so‘l elektorat parchalanganligicha qolmoqda.
So‘rovnomalarga ko‘ra, Marin Le Pen (“Milliy birlashish”) hozircha birinchi turning favoriti bo‘lib turibdi. “Reuters”ga ko‘ra, uning raqiblaridan hech biri birinchi turda hatto 18 foiz ovoz yig‘a olmayapti, to‘rtinchi marotaba Yelisey saroyiga da’vogarlik qilayotgan Le Penning reytingi esa 36 foiz atrofini tashkil etmoqda. So‘rovnomalar, shuningdek, bir qator ssenariylarda uning ikkinchi turdagi g‘alabasini ko‘rsatmoqda.
“Euronews” ma’lumotlariga ko‘ra, Glyuksmann 10–12 foiz ovozga umid qilishi mumkin. “OpinionWay” tomonidan o‘tkazilgan iyun so‘rovnomasi biroz yuqoriroq natijani ko‘rsatgan: Glyuksmann 14 foiz ovoz to‘plagan – bu sobiq bosh vazir Gabriel Attal bilan bir xil va 13 foiz to‘plagan Melanshondan biroz oldinda. Le Pen esa 35 foiz olgan. Glyuksmann, shuningdek, 2024 yilgi Yevroparlamentga saylovlarda erishgan natijasiga tayanishi mumkin: u boshchilik qilgan sotsialistlar va “Jamoatchilik maydoni” 13,8 foiz ovoz olgan.
Ma’lumot uchun, Glyuksmann Ukrainaning izchil tarafdori sifatida tanilgan. 2009-2013 yillarda u Gruziyaning o‘sha paytdagi prezidenti Mixail Saakashvilining maslahatchisi bo‘lib ishlagan. U fransuz faylasufi Andre Glyuksmannning o‘g‘li. “The Telegraph” nashrining yozishicha, uning bobosi Rubin Glyuksmann sovet razvedkachisi bo‘lgan.
Fransiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi 2027 yil 18 aprelga, ikkinchi turi esa 2 mayga belgilangan.
Live
Barchasi