Cobalt, Damas va Labo narxlari oshadi – UzAuto Motors
Jamiyat
−
12 mart
23967Avvalroq, UzAuto Motors ommabop avtomobillarining narxini oshirgani haqida xabar bergandik. Kompaniya mazkur xabarlar yuzasidan tushuntirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, UzAuto Motors 2024 yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqariladigan Damas, Labo va Chevrolet Cobalt rusumidagi avtomobillar narxi 3,5 foiz-6,7 foiz doirasida qimmatlayapti. Ayni paytda ularning narxi quyidagicha belgilangan:
- Cobalt GS-Style Plus MT: 133 598 000 so‘m (124 264 000 so‘m edi);
- Cobalt GX-Style Plus AT: 156 589 000 so‘m (146 757 000 so‘m edi);
- Damas D2 DLX Style Plus:100 325 000 so‘m (96 932 000 so‘m edi);
- Labo: 98 779 000 so‘m (96 115 000 so‘m edi).
"O‘zbekiston avtomobil bozorida taklifning ortib borishi avtomobillarning chakana sotuvida yangi yondashuvlarni talab qiladi. Kompaniya tomonidan ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha olib borilgan uzluksiz ishlar xaridorlarga “vositachilarni” chetlab o‘tib, avtomobillarning mavjudligini oshirishga imkon berdi. Buning natijasida, ikkilamchi bozorda avtomobil narxlari keskin pasaydi.
Bozorda talab ortib borayotganini hisobga olgan holda Damas, Labo va Chevrolet Cobalt avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini qo‘shimcha ravishda oshirish masalasini ishlab chiqdi. Bundan tashqari, oldingi shartnoma paytida kechiktirilgan to‘lov 2024 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarning bir qismini chiqarishga olib keldi, bu esa kompaniyaga qo‘shimcha avtomobillarni taklif qilish imkonini beradi. Damas, Labo va Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun shartnomalar ochilish sanasi keyinroq e’lon qilinadi", deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, kontraktatsiya uchun ochiladigan qo‘shimcha hajm 2024 yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilishi hisobga olingan holda, Damas, Labo va Chevrolet Cobalt avtomobillarining narxi 3,5-6,7 foizgacha bo‘lgan oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, UzAuto Motors rivojlangan mamlakatlarda qabul qilingan xalqaro standartlarga muvofiq avtomobillar sotuv tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Ushbu tizimga ko‘ra, dilerliklarga keyinchalik sotish uchun avtomobillarni xarid qilish imkoniyati beriladi. Shu bilan birga, dilerliklarga avtomobil uchun tavsiya etilgan chakana qiymat belgilanadi.
Ushbu yondashuv nafaqat dilerlik markazlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi, balki xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilaydi. Dilerlik markazlari xizmat ko‘rsatish sifati va innovatsion xizmatlarni yaxshilash orqali qo‘shimcha opsiyalar va aksessuarlarni taklif qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. UzAuto Motors’ning dilerliklar bilan o‘zaro hamkorlikning yangi tizimiga o‘tishi yanada samarali va innovatsion savdo usullarini taqdim etishga qaratilgan qadam ekani aytilgan. Onlayn-kontraktatsiya va savdo-sotuv tizimi iste’molchilar, dilerliklar va kompaniyaning o‘zi uchun yanada ixcham va qulay modelni taqdim etadi, bu esa avtomobil sanoatida transparentlikka va rivojlanishga turtki beradi.
Ma’lumot uchun, kompaniya 2023 yil 25 – 27 dekabr kunlari Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun jami 171 ming 200 dan ortiq onlayn shartnomalar tuzgan. Mazkur avtomobillar 2024 yilda ishlab chiqarilishi va mijozlarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi