CNN asoschisi Ted Terner 87 yoshida vafot etdi

Olam

image

24 soatlik televideniye yangiliklari formatiga asos solgan va CNN telekanali asoschisi Ted Terner 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda telekanalning o‘zi xabar qildi.

Terner 1980 yilda dunyodagi birinchi doimiy yangiliklar telekanali – CNN’ni ishga tushirgan edi. Keyinchalik u jahon media makonidagi eng ta’sirli axborot tarmoqlaridan biriga aylandi. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ternerni “teleradio tarixidagi buyuk insonlardan biri” deb atadi. CNN’ning hozirgi rahbari Mark Tompson esa uni CNN’ning ulkan poydevor, deb ta’rifladi.

Ted Terner faoliyatining dastlabki yillarida CNN ko‘pchilik tomonidan jiddiy qabul qilinmagan va hatto masxara qilingan. Biroq telekanal tez orada muhim voqealarni tezkor yoritishi bilan tanildi. Jumladan, 1981 yilda AQSH prezidenti Ronald Reyganga suiqasd urinishi va 1986 yildagi Challenger shattli halokati CNN’ning nufuzini oshirgan.

Telekanal ayniqsa 1990–1991 yillardagi Fors ko‘rfazi urushi paytida Iroqdan olib borgan jonli efirlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan. AQSHning sobiq prezidenti Jorj Bush hatto Markaziy razvedka boshqarmasidan ko‘ra CNN orqali ko‘proq ma’lumot olganini aytgan edi.

Terner nafaqat media sohasida, balki sport va xayriya ishlarida ham tanilgan. U 1977 yilda America’s Cup yelkanli musobaqasida g‘olib chiqqan. Shuningdek, Atlanta Braves beysbol klubi, Atlanta Hawks basketbol jamoasi va boshqa sport loyihalariga egalik qilgan.

U media biznesidan tashqari katta xayriya faoliyati bilan ham shuhrat qozongan. Terner United Nationsga 1 milliard dollar ajratgan va ekologik tashabbuslar hamda toza energiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan.

Uning media imperiyasi tarkibiga TBS, TNT, Turner Classic Movies va Cartoon Network kabi telekanallar ham kirgan.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

yangiliklar CNN Ted Terner

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing