Chustdagi bolalarning zaharlanishini Inoyatov nazoratga oldi

Jamiyat

image

Namangan viloyatining Chust tumanida maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalar bilan sodir bo‘lgan zaharlanish holati shaxsan Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan qat’iy nazoratga olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

“Tuman tibbiyot birlashmasiga qabul qilingan bolalarning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari olib borilmoqda. Ularga yakuniy tashxis qo‘yish maqsadida belgilangan talablar asosida namunalar olinib, ekspertizadan o‘tkazilmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Bildirilishicha, ayni paytda bolalarning holati qoniqarli, ulardan 10 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berilgan.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun “QALAMIR.UZ” Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, hozirda u holatni o‘rganish maqsadida Namangan viloyatiga yetib borgan. 

“Men hozir har bir bemor va ularning ota-onalari bilan gaplashyapman”, deydi vazir o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, kecha, 21 sentyabr kuni Chust tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan. 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar tufayli bolalarning 9 nafari sog‘lomlashtirilib, uyiga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan zaharlanish Chust

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing