O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tgan qishloqlar aholisiga Qirg‘iziston fuqaroligi beriladi

Olam

image

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan Cho‘ng‘ara va Tosh-Tepa qishloqlarini Qirg‘izistonga rasman topshirish bo‘yicha tashkiliy-texnik ishlarni boshlandi. Bu haqda Botken viloyatidagi Qirg‘iziston Prezidentining vakolatli vakili apparatiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ishlar Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish va yer uchastkalarini almashish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.

Manbaga ko‘ra, ikki mamlakat qo‘shma ishchi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning 24 iyul kuni Qadamjoy tumanida bo‘lib o‘tgan. Unda topshirilayotgan hududlar aholisining fuqarolik maqomi, ko‘chirish, mulk, xo‘jalik faoliyati va boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilingan.

Bugun, 3 avgustdan boshlab qo‘shma ishchi guruh to‘g‘ridan to‘g‘ri Cho‘ng‘ara va Tosh-Tepa qishloqlarida ish boshlagan. Mutaxassislar aholini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda hujjatlarni keyingi rasmiylashtirish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston tomoniga mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning Botken viloyatidagi birinchi o‘rinbosar vakili Baxtbek To‘qsonboyev, O‘zbekiston tomoniga esa Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va personalizatsiya departamenti rahbarining o‘rinbosari Behzod Sayfullayev boshchilik qilmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Cho‘ng‘ara va Tosh-Tepa qishloqlarida asosan etnik qirg‘izlar yashaydi. Ikki aholi punktining umumiy aholisi taxminan 2,5 ming nafarni tashkil etadi.

Ro‘yxatga olish ishlari yakunlanganidan so‘ng mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq aholiga Qirg‘iziston fuqaroligini berish tartibi boshlanadi. Kelishuvga muvofiq, mazkur qishloqlar evaziga Qirg‘iziston O‘zbekistonga maydoni jihatidan teng bo‘lgan davlat chegarasi hududini topshiradi.

Ma’lumot uchun, ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari Qirg‘iziston – O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari bo‘yicha shartnomani 2022 yil noyabr oyida imzolagan. 2023 yil yanvar oyida esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat Prezidentlari ratifikatsiya yorliqlarini almashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga qarashli Cho‘ng‘ara va Tosh-Tepa qishloq aholi punktlari davlat chegarasini demarkatsiya qilish doirasida Qirg‘iziston tarkibiga o‘tkazilishi xabar qilingandi. Qirg‘iziston Prezidenti matbuot kotibi Asqat Alagozovning so‘zlariga ko‘ra, ilgari O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan ushbu qishloqlarda yashovchi taxminan 2 500 nafar aholi endi Qirg‘iziston fuqaroligini olishi kelishilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing