Chorva mollarini ko‘paytirishga imtiyozli kredit va kompensatsiya beriladi

Jamiyat

image
Tumanida go‘sht ta’minotini o‘nglamagan hokimlar “uchadi” – Prezident topshirig‘i north_east

Tumanida go‘sht ta’minotini o‘nglamagan hokimlar “uchadi” – Prezident topshirig‘i

O‘zbekistonda chorva mollarini ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va kompensatsiya beriladi. Bu haqda bugun, 16 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Yig‘ilishda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi va namunali tajribalar ko‘rsatib o‘tildi:

•    hokim yordamchisi va fermer xo‘jaligi hamkorligida aholiga qoramol hamda qo‘y va echki tarqatilgan, yetishtirilgan sut va go‘shtni sotib olish yo‘lga qo‘yilgan Mirishkor tajribasi;

•    tomorqa xizmati korxonasi aholiga 2-3 tadan naslli qoramol tarqatgan, veterinariya xizmatlarini bepul ko‘rsatayotgan, gidroponika usulida ozuqa yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan Chust hamda yer resurslari cheklangan sharoitda xonadonlarda 20 tagacha zotli qoramol boqilayotgan Baliqchi tajribasi;

Qayd etilishicha, bu tajribalarni kengaytirish uchun xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi, 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kreditning 50 foiziga kafillik, gidroponikada ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi qoplab beriladi.

Parrandachilik korxonasi aholiga 50-100 bosh xonaki parranda va inkubator tarqatgan, mingtadan tuxum sotib olish va parranda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan Taxiatosh tajribasi alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda qo‘y-echkilar sonini keskin ko‘paytirib, aholini jundan mahsulot to‘qib, daromad topishga rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi. Bu borada Angren, Koson, Romitan va Navbahordagi kooperatsiya bo‘yicha namunali tajribalar ko‘rsatib o‘tildi va ularni ikki oy muddatda 60 ta tumanda yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi. 

Yil yakuniga qadar naslli qo‘y ko‘paytirish bo‘yicha 133 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Bunda:

•    jun va sut yo‘nalishida naslli qo‘y va echki xarid qilish uchun 5 yilgacha 3 yil imtiyozli davr bilan;

•    chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan aholi xonadonlaridan jun va sut mahsulotlarini sotib olishga 12 oygacha 9 oy imtiyozli davr bilan;

•    yem ozuqa, shuningdek sut, go‘sht va junni qayta ishlash sexlarini tashkil etishga 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi.

Aholiga ushbu kreditlar hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 50 million so‘mgacha garov ta’minotisiz ajratiladi, kredit foizining yarmini qoplashga kompensatsiya beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

848

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing