“Chorsu” mehmonxonasi yana sotildi
Jamiyat
−
18 fevral 2020
15546Toshkentdagi ancha yillar avval faoliyatini to‘xtatgan va tashlandiq binosiga aylanib ulgirgan “Chorsu” mehmonxonasi 16,9 milliard so‘mga sotildi. “E-ijro auksion” saytidagi ma’lumotlarga qaraganda, mehmonxona binosi Birlashgan arab amirligida ro‘yxatdan o‘tgan Ittihad International Investment LLC xususiy sarmoya kompaniyasiga sotilgan.
Auksion savdolari 10 soat davom etgan.
Bino xaridorga ikki yil ichida kamida 25 million AQSH dollari investitsiya kiritish va 150 yangi ish o‘rinlarini yaratish va 3 yulduzli mehmonxona qurish sharti bilan sotilgan.
Talabga ko‘ra, xaridor ushbu binodan 10 yil davomida asosiy ish faoliyatini mehmonxona xizmatini ko‘rsatish uchun foydalanishi shart.
Bundan avval “Chorsu” mehmonxonasi investitsiya kiritish va mehmonxona faoliyatini tashkil etish sharti bilan turkiyalik tadbirkor Ahmet Demirga 1 so‘m miqdoridagi shartli mablag‘ga sotilgan edi. Sotuv shartnomasida mehmonxona 2019 yilning oxiriga qadar ta’mirlanib, foydalanishga topshirilishi va undan 350 xona o‘rin olishi belgilangan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay Ahmet Demir davlatdan mehmonxona atrofidan qo‘shimcha yer so‘radi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev uning talabini rad etdi.
Xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yilning 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingan.
“Chorsu” mehmonxona majmuasi “Inter Tourism” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 – 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33,0 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rinini yaratish sharti bilan sotilgan edi.
LiveBarchasi