“Chora ko‘ramiz”. Janubiy Koreya Ukrainaga tahdid qildi

Olam

−

image

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon shimoliy koreyalik harbiy asirlar bilan bog‘liq janjal sababli Ukrainaga qarata bayonot berdi. Siyosatchi tegishli murojaatni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.

“Shimoliy koreyalik harbiy asirlarni repatriatsiya qilish (vatanga qaytarish) masalasi bo‘yicha Ukraina tomoni ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni so‘radi va biz uni sir saqlashga kelishib oldik. Biroq Ukraina bir tomonlama tartibda bu ma’lumotni oshkor qildi”, deyiladi uning xabarida.

Shuningdek, siyosatchini Ukraina tomonining keyingi xatti-harakatlari g‘azablantirgan.

“Koreya Respublikasi Prezidenti yuqori darajadagi xushmuomalalik ko‘rsatib, bu borada afsusda ekanini bildirganida, Ukraina tomoni hech qanday kelishuv bo‘lmaganini da’vo qilib, amalda boshqa davlat rahbarini yolg‘onchiga chiqardi.

Biz kelishuv faktini tan olishni va oshkora kechirim so‘rashni talab qilganimizda, Ukraina, aksincha, Shimol va Janub o‘rtasida yaqin orada harbiy to‘qnashuv sodir bo‘lishi haqida gapira boshladi. Koreya yarimorolida urush boshlanishiga turtki berishga urinayotgan Ukrainaning xatti-harakatlari yuzasidan chuqur afsusda ekanimizni bildiramiz”, deb yozdi u.

Li Chje Myon ogohlantirish bilan chiqdi.

“Agar Ukraina kelishuv faktini tan olishdan va oshkora kechirim so‘rashdan bosh tortishda davom etsa, biz qo‘shimcha chora ko‘ramiz. Bu Koreya Respublikasi fuqarolari va davlatining sha’ni hamda obro‘-e’tibori masalasidir, biz buni e’tiborsiz qoldira olmaymiz”, deydi u.

Bayonoti yakunida u Ukraina Tashqi ishlar vazirligining javobini keltirgan.

“Janubiy Koreya biz uchun muhim… Biz ushbu diplomatik tushunmovchilikni hal qilishni chin dildan xohlaymiz”, deya Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiganing bayonotidan iqtibos keltirgan u.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon BMT Bosh assambleyasi chog‘ida Nyu-Yorkda Ukraina yaqinda ikki nafar shimoliy koreyalik askarni Janubiy Koreyaga yuborganini aytgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sha’niga tanqidiy fikrlar bildirgan edi. 2025 yilning yanvar oyida ikki nafar shimoliy koreyalik askar Rossiyaning Kursk viloyatida Ukraina kuchlari tomonidan asirga olingani ma’lum bo‘lgan edi.  


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing