“Chiroyli” mobil raqamlarni auksionda sotish boshlandi
Jamiyat
−
04 iyun 2019
17082Bugun, 4 iyundan boshlab “O‘zRTXB” AJ chiroyli sonlar kombinatsiyasiga ega uyali telefon raqamlarini sotish bo‘yicha yangi savdo platformasi va mobilraqam.uzex.uz veb-saytini test rejimida ishga tushirdi.
Mobil telefon raqamlarini sotuvga quyilishi sotuvchi, ya’ni “COSCOM” MCHJ (Usell) uyali aloqa operatori tomonidan “O‘zRTXB” AJning axborot tizimidagi shaxsiy kabinet orqali haftaning ish kunlarida soat 10-00 dan 17-00 gacha amalga oshiriladi.
Har bir lotning spetsifikatsiyasi va sotuvga quyilayotgan har bir raqamning tafsilotlari sotuvchi tomonidan belgilanadi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning toifasi (yuridik yoki jismoniy shaxs), sonlarning chiroyli kombinatsiyasiga ega abonentning uyali telefon raqami, lotning boshlang‘ich narxi va raqobatli tartibotning yakunlash muddati aniq ko‘rsatilishi shart.
Ishtirokchilar (yuridik yoki jismoniy shaxslar) onlayn-auksionda qatnashish uchun mobilraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Xaridor Woy-Wo elektron to‘lov tizimi orqali birjaning hisob-kitob kliring palatasiga (HKP) garov mablag‘larini quyishi kerak. Xaridor tomonidan kiritiladigan zakalatning miqdori raqamning boshlang‘ich bahosidan 10%ni tashkil qiladi. Bitimlar bo‘yicha barcha hisob-kitoblar birjaning HKP orqali yuridik shaxslarning naqdsiz to‘lovlari va jismoniy shaxslarning plastik kartalari asosida amalga oshiriladi.
Auksion onlayn-rejimda boshlang‘ich narxlarni ko‘tarilish tartibida buyurtmalar berilgan paytdan boshlab kamida ikki ish kuni muddati davomida o‘tkaziladi. Savdo jarayonida xaridorlar eng yaxshi narxdan yuqori darajadagi cheklanmagan miqdorda takliflarini berishlari mumkin. Berilgan har bir yangi narx taklifi auksionni qo‘shimcha 10 daqiqaga uzaytiradi. Bir vaqtning o‘zida sotuvchi kim oshdi auksion muddatini uzaytirishga haqlidir.
O‘z navbatida, savdo ishtiroklari auksionlar o‘tkazilayotgan paytda kelib tushayotgan barcha narx bo‘yicha takliflarni erkin kuzatib borishlari mumkin. Eng yuqori narx bergan xaridor elektron tizim tomonidan avtomatik tarzda aniqlanadi va savdo g‘olibi sifatida belgilanadi. Auksion yakunlanganidan so‘ng birjaning axborot tizimi tuzilgan bitimni ro‘yxatga oladi va xaridordan komissiya to‘lovini yechib oladi. Birja xizmati uchun to‘lanadigan komission yig‘im tuzilgan bitim narxidan 3 foiz miqdorida belgilangan.
Savdo yakunlanishi bilan auksion g‘olibi tuzilgan bitim ro‘yxatga olingan paytdan boshlab besh ish kuni mobaynida HKPdagi o‘zining hisob raqamiga bitim bo‘yicha to‘lovlarni to‘la miqdorda o‘tkazishi shart. Sotuvchi mobil aloqa xizmat ko‘rsatish shartnomasini sotuvchi tomonidan belgilangan tartibda tuzadi.
Ishtirokchi bitimdan bosh tortsa yoki to‘lovlarni o‘z vaqtida o‘tkazmasa, bitim bekor qilinadi, va birinchi g‘olibdan keyingi eng yuqori narx taklif qilgan navbatdagi ishtirokchi auksion g‘olibi sifatida e’tirof etiladi. Birinchi g‘olibning zakalati esa jarima sifatida undiriladi.
Moliyaviy majburiyatlar to‘liq qoplangan sanadan boshlab 10 kun mobaynida rasmiylashtirish xaridorning aybi bilan ta’minlanmagan taqdirda, tuzilgan bitim qiymatidan 50% shartnoma majburiyatlari bajarmaganlik uchun jarimaga tortiladi, qolgan qismi esa xaridorga qaytariladi. Ushbu talablar birjada tuzilgan bitimlarni qat’iy shartnoma tartibini ta’minlash uchun qo‘llaniladi.
Bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 avgustdagi 249 - sonli “Elektron yarmarkalar, auksion va tanlovlar tashkilotchilarining-axborot vositachilarining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qaroriga muvofiq “O‘zRTXB” AJ va “COSCOM” MCHJ (Usell) o‘rtasida “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning axborot tizimida pullik abonent raqamlarini sotish bo‘yicha shartnoma tuzish huquqini beruvchi elektron auksionni tashkillashtirish to‘g‘risida kelishuv imzolangandi.