Chirchiqda o‘lasi qilib kaltaklangan yigit shifoxonada vafot etdi
3-sahifa
−
02 aprel
12620Joriy yilning 5 mart kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi 32 yoshli fuqaro spirtli ichimliklar sotuvchi do‘kon egasi bilan janjallashib, jarohat olgan va oqibatda vafot etgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, soat taxminan 19:00 larda Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan fuqaro Chirchiq shahrida joylashgan, o‘ziga tegishli bo‘lgan spirtli ichimliklar do‘konini yopib, uyiga qaytib ketayotgan vaqtida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan boshqa bir fuqaroni uchratib qolgan. Tanishi spirtli ichimlik do‘konini ochib, unga spirtli ichimlik berishini so‘ragan. Shunda do‘kon egasi tanishiga rad javobini bergan. Oqibatda ikki o‘rtada janjal kelib chiqqan. Do‘kon egasi tanishining bosh va yuz qismiga bir necha marotaba urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda fuqaro olgan tan jarohatlari bilan Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Tibbiyot birlashmasining ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaroda “bosh miya ochiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap chakka tepa suyaklari ochiq sinishi, boshning o‘ng qosh tepa chap chakka tepa sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok” ko‘rinishidagi tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.
Ertasi kuni, 6 martda shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan jarohatlangan fuqaro reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.
Mazkur holat bo‘yicha do‘kon egasiga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borishga kirishilgan va ayblanuvchi qo‘lga olingan.
Ma’lumot uchun, qonunchilikka ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etgan shaxs sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa marhumning onasiga o‘g‘li ayol kishini qutqaraman deb janjalga aralashgani va oqibatda o‘zi kaltaklanib, og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga tushgani va o‘sha yerda vafot etgani haqida yozmoqda. Ayol ushbu jinoyat ishini huquq-tartibot idoralari ko‘chadagi janjal sifatida ko‘rayotganidan norozi bo‘lib, post qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Payariq tumanida 16 yoshli bola daraxt yiqitish jarayonida vafot etgandi. Bola yashash xonadonida daraxt kesish jarayonida daraxtning kesilgan shoxi uning ustiga tushib ketgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar




