Chirchiq hokimi menga yalindi, o‘zgarish bo‘lmasa, ularga ham chora ko‘riladi – Mirziyoyev

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Xabaringiz bor, bugun, 24 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilyapti.

Yig‘ilishda davlat rahbari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari “bir martalik ish”ga aylanib qolmasligi, qilingan har bir so‘m investitsiya, odamlarga uch baravar ko‘p foyda keltirishi kerakligini alohida ta’kidladi.

“Afsuski, hamma rahbarlar ham bu masalalarni tushunib yetmayapti. Misol uchun, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlari mahallalaridagi haqiqiy holat buning aksi ekanini ko‘rsatdi”, dedi davlat rahbari.

Shu sababli, Farg‘ona va Namangan shaharlarining 4 ta sektor rahbari ishdan olingan.

“Toshkent viloyati va Chirchiq shahri sektor rahbarlariga vaziyatni yaxshilash bo‘yicha muddat berildi. Chirchiq hokimi menga yalindi. O‘zgarish bo‘lmasa, ularga ham chora ko‘riladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bu kabi kamchiliklar barcha hududlarda mavjud ekanini ta’kidladi.

Masalan, bugungi kunda respublikada eng og‘ir ahvolga tushib qolgan 796 ta qishloq va 188 ta shahar mahallalari mavjud. Shuningdek, 137 ta mahalladagi 431 ta ikki qavatli uylar avariya holatida. Xuddi shu kabi, 4 mingdan ziyod mahallaning elektr ta’minoti qoniqarsiz ahvolda.

“Qishloqlarga infratuzilma borsagina, tadbirkorlik rivojlanishini, qo‘shilgan qiymat yaratilishini barcha rahbarlar chuqur anglab yetishi kerak”, deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shu sababli, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari, mutlaqo yangi yondashuvlar asosida shakllantirilgan.

“Topshirig‘imga ko‘ra, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yo‘l, elektr, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas’ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, qishloq va mahalla aholisi bilan maslahat qilinib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq ishlar belgilab olindi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda, “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga yangi ishlab chiqarish ob’ektlari, ish o‘rinlari yaratish, aholini ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish orqali, ularni ushbu ro‘yxatlardan chiqarish masalalari ham ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Obod qishloq Obod mahalla

Baholaganlar

128

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing