Chinozda ommaviy tartibsizlik uyushtirishga uringan shaxslar qamaldi
3-sahifa
−
14 Oktabr 8584 3 daqiqa
Joriy yilning mart oyida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yo‘lni to‘sib, ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga uringan shaxslar ozodlikdan mahrum etildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, joriy yilning 4 mart kuni Chinoz tumanida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro A.O. va 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Sh. o‘zaro til biriktirib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga uringan. Jumladan, joriy yilning 3 mart kuni A.O. o‘zining Telegram-profili orqali guruhlardan biriga videoxabar yuborib, odamlarni avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasiga bormasdan, M-39 “Toshkent-Termiz” yo‘lini to‘sishga undagan. Shundan so‘ng mas’ullar voqea joyiga borib, mashinalarga gaz to‘ldirish shoxobchasi ochib berilishini bildirgan. Bir kundan keyin, 4 mart kuni A.O. soat 11:40 larda M-39 “Toshkent-Termiz” yo‘lining Chinoz tumani, Markaziy mahallasi hududidan o‘tgan qismi yaqinidagi metan “zapravka”ga kelgan. A.O. va B.Sh. u yerda avtomobil yo‘lini to‘sish va shu orqali ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishni maqsad qilgan. Ular shoxobchada navbatda turgan haydovchilarga birgalikda yo‘lni yopib qo‘yishni aytgan. Keyin gaz to‘ldirish uchun navbatda turgan fuqaro Sh.M. boshqaruvidagi HOWO yuk mashinasi bilan yo‘lni to‘sib qo‘yishga majburlagan. Shu tariqa A.O. va B.Sh. yuk mashinasi bilan “Toshkent-Termiz” yo‘lining Toshkent shahriga ketish yo‘nalishidagi qismini to‘sib qo‘ygan va oqibatda yo‘lning qatnov qismida tirbandlik yuzaga kelib, fuqarolar ommaviy tarzda bir joyga yig‘ilgan. A.O. mazkur holatni videoga olib, Telegram guruhga yuborgan.
Joriy yilning 13 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. A.O. sudda ko‘rsatma berib, aybiga qisman iqror bo‘lgan va odamlarni ommaviy tartibsizlikka da’vat qilmaganini aytgan. Shuningdek, u yuk mashinasi haydovchisiga yo‘lni to‘sishni aytmaganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, u oilada yolg‘iz boquvchi ekanini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Shu tariqa A.O. Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. B.Sh. esa Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 2-qismi “a,b” bandlari bilan 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida G‘ayrat Do‘stov ismli shaxs metan “zapravka”lardagi tanqid qilib, 15 sutkaga qamalgandi. Keyinroq, uning ishi qayta ko‘rib chiqilib, apellyatsiya instansiyasining qarori bilan sud zalidan ozod qilingan edi.
Live
Barchasi