Chilonzordagi YTHda piyoda vafot etdi. Avtomobilni IIBB xodimi boshqargan

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahar Nurafshon yo‘li Muqimiy ko‘chasida mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani va qora rangdagi Lacetti piyodani urib yuborgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ tarqatgan xabardan so‘ng Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ham mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi. 

IIBBdan xabar qilishlaricha, ushbu yo‘l-transport hodisasi joriy yilning 6 aprel kuni soat 19:30 atrofida, qayd etganimizdek, Chilonzor tumanidagi Muqimiy ko‘chasida sodir bo‘lgan. 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimi Lacetti rusumidagi xizmati avtomobilini boshqarib ketayotgan mahal, piyodani urib yuborgan. 

Piyoda – ayol kishi shifoxonaga yetkazilgan va ko‘rsatilgan tezkor yordam foyda bermay vafot etgan. Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Holat bo‘yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mazkur voqeaga oid xabar va video kecha, 8 aprel kuni QALAMPIR.UZ’da e’lon qilindi. 6 aprel kuni sodir bo‘lgan voqea haqida unga qadar IIBB miq etgani yo‘q. Xo‘sh, bu huquqbuzarlikni yashirishga bo‘lgan urinishmidi?
 


Maqola muallifi

Teglar

YTH IIBB

Baholaganlar

278

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing