Chilonzordagi YTH tafsiloti: Taxminiy aybdor yashiringan

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentning Chilonzor tumanida BMW va Lacetti rusumli avtomobillar to‘qnashuvi natijasida ikki kishi mashinada yonib ketgani haqida xabar bergan edik. Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati qo‘shimcha ma’lumot berdi.

9 yanvar kuni soat 23:30 da Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasida joylashgan Xalqlar do‘stligi saroyi qarshisida ikkita avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Lacetti rusumli avtomobil (davlat raqami 01 V 889 WA) haydovchisi 44 yoshli D. M. Islom Karimov ko‘chasiga burilishdan oldin svetoforgacha bir necha metr masofa qolganida tor joyda to‘xtagan. Tezlikni oshirib harakatlanib kelayotgan BMW avtomobili (davlat raqami 01 T 777 YeV, Shayxontohur tumanida yashovchi 63 yoshli K.M. nomiga rasmiylashtirilgan) Lacetti`ga to‘qnashishi oqibatida avtomobillarda yong‘in kelib chiqqan.

Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi va 6 yoshli yo‘lovchisi D.M. Toshkent shahar IIBB YPX va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarilgach, jarohat va kuyishlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. Yana ikki nafar yo‘lovchilar – 44 yoshli I.M. va 8 yoshli Ya.M. voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

BMW avtomobili haydovchisi voqea joyidan yashiringan. YTH sodir bo‘lganida avtomobilni boshqargan haydovchining shaxsini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

BMW avtomobili haydovchisi tezlikni keskin oshirgani YTHning taxminiy sababi sifatida ko‘rilyapti.

YTH fakti bo‘yicha Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) “a” bandi 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Chilonzor

Baholaganlar

269

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing