Chilonzorda ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Chilonzor tumani Lutfiy ko‘chasidagi daraxtlar yoppasiga kesilayotgani aks etgan videolar tarqalib, ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, haqiqatdan tumanning Lutfiy ko‘chasida qurib qolgan daraxtlarni kesish jarayonlari davom etmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqda keltirilganidek, yoppasiga daraxtlar kesilmayapti. Aksincha, biz 16 sentyabr kuni va aynan bugun ham ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilganimizdek, Toshkent Botanika bog‘ining daraxtshunos mutaxassisi hamda tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi mas’ullarining asosli xulosalari va aholining qurib qolgan daraxtlarni kesib olish kerakligi haqidagi murojaatlarini ham e’lon qilgan edik”, deyiladi munosabatda.

Bildirilishicha, ayni shu xulosalar asosida qurib qolgan va kuz-qish davridagi yog‘ingarchiliklar paytida ag‘darilib ketishi oqibatida yo‘lovchilarning hayoti va transportlariga jiddiy zarari tegishi mumkinligi uchun daraxtlarni kesib olish ishlari olib borilmoqda.

“Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari! Sizlardan asossiz xabarlar tarqatmasligingizni so‘raymiz va bunday soxta ma’lumotlar tarqatganlik uchun qonun doirasida javobgarlik borligini eslatib o‘tamiz. Ayni daraxtlarni kesish jarayonlaridan olingan video va fotosuratlarni taqdim etyapmiz. Ko‘rishingiz mumkinki, daraxtlar qurib qolgan, sal shamol bo‘lsa yo‘lovchilar va transportlarning ustiga qulab tushib, inson hayotiga jiddiy xavf soluvchi noxush holatlarga olib kelishi mumkin”, deyiladi hokimlik munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Chilonzor daraxtkushlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing