3 hududda narkosavdogarlar 12,7 kg narkotik bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
14:39 600 2 daqiqa
O‘zbekistonning 3 ta hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 12,7 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan shaxs Cobalt rusumli avtomobilda tadbir ishtirokchilarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan. U avtomobil salonida bo‘lgan ikki o‘ramdagi shubhali moddani uloqtirib yuborgan.
Shundan so‘ng, transport vositasi to‘xtatilib, uning salonidan yana ikki o‘ram, shuningdek, mazkur shaxs qabul qilib olishi kerak bo‘lgan geolokatsiyadan bir o‘ram shubhali modda olingan.
Ekspertiza natijasida ushbu moddalar “gashish” ekani aniqlangan. Ularning jami og‘irligi 5 kilogrammni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 2005 yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi to‘xtatib tekshirilganda, uning yonidan zip-paketga solingan kukunsimon modda topilgan. Shuningdek, u vaqtincha yashayotgan xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Oqibatda turli oziq-ovqat mahsulotlari nomi ostida qadoqlangan paketlardan 4 kg 133 gramm 3-xlorometkatinon, 403 gramm amfetamin, 720 gramm MDMA va 20 gramm kokain aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi chegara-bojxona postida qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga kirib kelgan, Chortoq tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomobil tekshirilgan.
Tekshiruv davomida avtomobilning yoqilg‘i baki ichiga 2 kg 513 gramm Alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlangan.
Shu bilan birga, mazkur shaxs bilan chegara-bojxona postigacha birga kelgan va postni piyoda kesib o‘tib, O‘zbekiston hududida uni kutib turgan 2005 yilda tug‘ilgan Chortoq tumanida yashovchi sherigi ham ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda uchala holat yuzasidan narkosavdogarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 1 kilogrammdan ortiq gashish moddasi, 782 dona “Tropikamid” hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq boshqa ashyolar aniqlangan edi.
Live
Barchasi