Chet tilini biladigan davlat xizmatchilariga ustama berish to‘xtatildi

Jamiyat

image

2025 yil 1 yanvardan boshlab xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga qo‘shimcha ustama to‘lash to‘xtatildi. Bu haqda “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Prezident qarorida keltirilgan.

Chet tilini biladigan davlat xizmatchilariga ustama to‘lash 2022 yil 1 yanvardan boshlangan edi. Ustama miqdori xodimning lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha deb belgilangan edi (tashkilotlarning byudjetdan tashqari hamda ish haqi fondi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan). Oradan 2 yil o‘tib, bu tartib bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil 1 yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida dars beruvchi ona tili va adabiyoti hamda tarix fani o‘qituvchilariga 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tarix, ona tili va adabiyoti fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

davlat xizmatchilari Chet tillar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing