O‘zbekistonning shahar va tuman hokimlari Londonda malaka oshiradi

Jamiyat

image

Londonda O‘zbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning “Civil Service College (CSC)” nodavlat ta’lim muassasasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda davlat xizmati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilingan.

Xorij tomoniga O‘zbekistonda davlat xizmatini rivojlantirish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularning muntazam kasbiy o‘sishini ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Muloqot davomida tomonlar birgalikda ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va treninglar tashkil etish, onlayn va gibrid o‘quv platformalarini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan. Shuningdek, ekspertlar almashish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, davlat xizmati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ma’lumot uchun, “Civil Service College” 1970 yilda Britaniya hukumati huzuridagi milliy maktab sifatida tashkil etilgan bo‘lib, davlat xizmatchilari tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashgan muassasa hisoblanadi. 2012 yildan boshlab kollej mustaqil ta’lim markazi sifatida faoliyat yuritib, zamonaviy o‘quv dasturlari va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

London malaka davlat xizmatchilari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing