Chet tilidan sertifikati yo‘q o‘qituvchilarga yana muddat berildi

Jamiyat

image

Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatini olish muddati 2026-2027 o‘quv yili boshiga qadar uzaytirildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Vazirlikning eslatishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi (“Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi) 312-son qarorining 9-bandida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xorijiy til o‘qituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi ko‘rsatib o‘tilgan.

Dastlab, 2024-2025-o‘quv yiliga qadar etib belgilangan ushbu talab muddati pedagoglar va keng jamoatchilik vakillarining murojaatlari asosida hozirga qadar bir necha bor uzaytirib kelingan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan xorijiy til fani o‘qituvchilarining lavozim malaka tavsiflariga kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi asosiy talab sifatida kiritilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, vazirlik tomonidan ushbu pedagoglarning tegishli sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishlarida ko‘maklashish uchun joylarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul (onlayn va oflayn) o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.

“Vazirlik tomonidan ushbu o‘quv mashg‘ulotlari bundan keyin ham davomiy tashkil etib boriladi hamda B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026-2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat mehnat inspeksiyasi xorijiy tildan dars beruvchi o‘qituvchilar oylik olmay, majburan ishdan bo‘shatilayotgani haqida xabar bergandi. Inspeksiyaga chet tili ustozlariga ish haqi hisoblanmagani, ishdan chetlatilgani, hatto majburiy ravishda ariza yozdirib olingani haqidagi murojaatlar ko‘paygan.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Chet tili sertifikati B2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing