Chelyabinskda o‘zbekistonlik vafot etdi
Jamiyat
−
26 iyul 2019
4227Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk shahrida o‘zbekistonlik erkak avtohalokat sabab vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Voqea bugun, 26 iyul kuni ro‘y bergan. O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasidan ma’lum qilishlaricha, Chelyabinsk shahrida O‘zbekiston fuqarosi B.R.ni yo‘lni kesib o‘tayotganida yuk avtomashinasi urib ketgan. Natijada B.R. voqea joyida vafot etgan.
O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga olgan va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi hamda Chelyabinsk shahridagi o‘zbek diasporasi bilan birgalikda marhumning jasadini vatanga jo‘natish bilan bog‘liq tashkiliy va boshqa masalalarni hal qilyapti.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk viloyati, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.
LiveBarchasi