“Chegarangizda nimalar bo‘layotganini bilamiz”. Putin Rahmon bilan gaplashib oldi
Olam
−
28 noyabr 10180 2 daqiqa
Kecha, 27 noyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXSHT) doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putin uchrashuv davomida Rahmonga Tojikiston bilan aloqalar o‘sib borayotganini eslatgan.
“Hammasi rivojlanmoqda, hukumatlar barcha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlamoqda. Eng muhimi – savdo aylanmamiz o‘sib bormoqda. Mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ham doimiy aloqadamiz. Sizning chegaralaringizda nimalar bo‘layotganini tushunamiz, bizning maxsus xizmatlarimiz, kuch tuzilmalarimiz ham bir-biri bilan hamkorlik qilmoqda”, degan Rosiiya yetakchisi.
Rahmon ham Tojikiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil o‘sib borayotgani, ikki davlat o‘rtasida yechilmay qolgan masalalar yo‘qligini ta’kidlagan.
“Ha, ikki tomonlama munosabatlarimiz izchil o‘sib bormoqda. O‘tgan yilga nisbatan savdo aylanmasi qariyb 20 foizga oshgan. Ya’ni davlatlarimiz o‘rtasida hal qilinmagan masalalar yo‘q, hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Sizning davlat tashrifingiz davomida kelishuvlarga erishgan edik. Endi esa bizda mavjud barcha masalalarni yana muhokama qilamiz”, degan Imomali Rahmon.
Uchrashuv davomida Rahmon 21 dekabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tkaziladigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitida qatnashish taklifini qabul qilganini ham ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sadir Japarov Bishkekda Vladimir Putin bilan muzokaralarda Rossiya Qirg‘iziston uchun strategik ittifoqchi, hamkor va do‘st bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolishi haqida aytgan edi.
Live
Barchasi