Chechenistonda Bosh vazir o‘zgardi
Olam
−
25 may
8311Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Checheniston parlamentining sobiq spikeri Magomed Daudovni respublika hukumati raisi lavozimiga tayinlashni taklif qildi. Daudov nomzodi kecha, 24 may kuni Checheniston Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida muhokama qilingan. Bu haqda Qodirovning Telegram-kanalida xabar berildi.
“Ayni paytda Checheniston hukumati raisligidan ketgan Muslim Xuchiyev Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinning yordamchisi sifatida faoliyatini davom ettiradi”, deyiladi Qodirov bayonotida.
OAVning yozishicha, Rossiya Bosh vazirining yordamchisi haqiqiy vakolatlarga ega bo‘lmagan yuqori maqomli lavozimdir. Chechenistonning boshqa Bosh vazirlari ham iste’foga chiqqanidan keyin xuddi shunday lavozimlarga ega bo‘lgan.
“Funksional va yuqori maqomli lavozimlar mavjud. Mishustinning yordamchisi – yuqori maqomli lavozim va aftidan, Qodirov Bosh vazirining o‘rnini bo‘shatishga majbur bo‘lgan va u "federal kompensatsiya" to‘g‘risida kelishib olgan”, deydi Siyosiy va geografik tadqiqotlar markazi rahbari Nikolay Petrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xuchiyevning federal hokimiyatdagi faoliyati haqida gapirishning hojati yo‘q, biroq, bosh vazirning yangi yordamchisi Moskvada Qodirovning manfaatlarini himoya qilish ehtimoli bor.
Muslim Xuchiyev 2019 yildan beri Chechenistonda inson huquqlari buzilishi va qiynoqlar tufayli AQSH sanksiyalari ostida va Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan keyin u ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ishtirok etgan shaxs sifatida Ukraina va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar ostida qoldi. Xuchiyev ketganidan keyin hukumat rahbari o‘rinbosari va avtomobil yo‘llari vaziri Iso Tumhajiyev Checheniston hukumati raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. OAV xabarlariga ko‘ra, u Qodirovning qarindoshining eri. Vazir sifatida Iso Tumhajiyev Ramzan Qodirovning maslahatchisi bo‘lgan otasi Abubakar o‘rnini egalladi.
Yangi lavozimga Magomed Daudov nomzodi, qonunga ko‘ra, Checheniston parlamenti tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘lsa-da, Qodirov allaqachon uni “mas’ul lavozimga tayinlangani” bilan tabriklagan. Ko‘p o‘tmay Checheniston parlamenti ham Daudovning hukumat raisi lavozimiga nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Magomed Daudov respublika rahbari Ramzan Qodirovga ishonch uchun minnatdorlik bildirib, Checheniston Bosh vaziri lavozimini katta sharaf va mas’uliyat deb atadi. Daudov "yuklangan vazifalarni sifatli hal qilish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga" va’da berdi.
Ommaviy axborot vositalari Daudovni Qodirovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri deb atamoqda, uning sog‘lig‘i yomonligi haqidagi mish-mishlar bir yildan ortiq vaqtdan beri tinmayapti. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Checheniston rahbari pankreatik nekrozga uchragan bo‘lishi mumkin, bu kasallikni to‘liq davolab bo‘lmaydi.
Daudov siyosiy lavozimlarga tayinlanishidan oldin Chechenistonning sobiq prezidenti Ahmad Qodirovning xavfsizlik xizmatida ishlagan, Ichki ishlar vazirligi va OMONning mintaqaviy bo‘limlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
2012 yilda u Checheniston Respublikasi rahbari va hukumati ma’muriyati rahbari lavozimiga tayinlangan. 2015 yil iyul oyida Daudov a’zosi bo‘lgan "Yagona Rossiya" partiyasi unga Checheniston parlamenti deputati sifatida mandat berish g‘oyasini ma’qulladi. Shundan so‘ng darhol Ramzan Qodirov Daudovni Checheniston parlamenti spikeri etib tayinlashni taklif qildi.
Magomed Daudov rossiyalik jurnalistlar va muxolifatchilarga nisbatan ko‘plab tahdid va haqoratlar bilan tanilgan. “Novaya gazeta”ning yozishicha, u Qodirov va Chechenistondagi vaziyat haqida salbiy fikr bildirgan blogerlarni ta’qib qilishda ishtirok etgan. Shu bilan birga, jabrlanuvchilarning huquqni muhofaza qilish organlariga bir necha bor murojaat qilishlariga qaramay, Daudovga nisbatan tergov harakatlari olib borilmagan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, Magomed Daudov Checheniston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha tezkor shtab boshlig‘i bo‘ldi. U Chechenistondan urushga "ko‘ngillilar" yuborilishini nazorat qildi. Xuchiyev singari, Daudov ham Chechenistondagi qiynoqlarga aloqadorligi sababli bir qator G‘arb davlatlarining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan va Ukraina xavfsizlik xizmati ham uni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashgan shaxs sifatida sirtdan ayblagan.
LiveBarchasi