Chavusho‘g‘li Turkiyaning postsovet mamlakatlari bilan aloqalari ortidagi maqsadni ochiqladi

Jamiyat 12626
image

Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoning barqarorligi va rivojlanishiga hissa qo‘shish Turkiya tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada do‘st va qardosh davlatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan ziyofatda aytib o‘tdi. 

Turkiya diplomatiyasi rahbari logistika va energetika sohalari ham Turkiyaning possovet davlatlari bilan munosabatlarini rivojlantirish uchun muvaffaqiyatli yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. 

Vazirning aytishicha, kelgusi haftalarda Turkiya, Qozog‘iston va Turkmaniston vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda ushbu sohalardagi hamkorlik muhokama qilinadi. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon bilan aloqalar, ayniqsa, yuqori darajada.  

“Ozarbayjonning tarixiy yerlari (Qorabog‘ – tahr.)ning qaytarib olinishi tufayli Janubiy Kavkazda tinchlik va uzoq muddatli barqarorlik uchun sharoitlar yaratildi. Umid qilamanki, bu imkoniyat qo‘ldan ketmaydi. Anqara Bakuning bu yo‘nalishdagi qadamlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Chavusho‘g‘li. 

Turkiya diplomatiyasi rahbari yana Gruziya bilan strategik hamkorlik mavzusiga to‘xtaldi.  

“Yaqin kunlarda Gruziya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining mamlakatimizga tashrifi rejalashtirilgan”, deydi Chavusho‘g‘li. 

U so‘zida davom etarkan, 2022 yilda Turkiyaning O‘zbekiston bilan munosabatlari ham strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Shuningdek, Qozog‘iston bilan munosabatlar bir xil darajada muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 

Qolaversa, Turkiya va Qirg‘iziston vakillari ishtirokida vaqti-vaqti bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Vazirga ko‘ra, yaqin kelajakda bir qator o‘zaro tashriflar rejalashtirilgan. 

U Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiyaning turkiy tilli davlatlar bilan hamkorligining aniq natijasi ekanini ta’kidladi. 

Chavusho‘g‘li, Ukraina, Belarus va Moldova kabi Sharqiy Yevropa davlatlari bilan bo‘lgan muloqotni ham yuqori baholab, bu davlatlar bilan aloqalarning sheriklik darajasida ekanligini qayd etdi. 

“Anqara Moldova va Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Kiyevni barcha sohalarda qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, deydi vazir.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 342
Reyting: 3
t
×