ChatGPT Shimoliy Koreya xakerlariga soxta hujjatlar tayyorlab berdi
Olam
−
16 Sentabr 2025 3849 1 daqiqa
Shimoliy Koreya xakerlari Janubiy Koreyaga qarshi hujumlarda ChatGPT’dan foydalanib, soxta hujjatlar yaratdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Xakerlar sun’iy intellekt yordamida soxta shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar suratlarini yasab, ularni "fishing" xatlarida ishlatgan. Xatlar ichida zararli dasturiy ta’minotga olib boruvchi havolalar bo‘lib, ular qurilmalardan maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash uchun mo‘ljallangan edi.
Hujumlarning asosiy nishonlari – Shimoliy Koreya bilan faoliyati bog‘liq bo‘lgan janubiy koreyalik jurnalistlar, tadqiqotchilar va huquq himoyachilari bo‘lgan. Zararli xabarlar Janubiy Koreya harbiy xizmatining rasmiy domeniga o‘xshash manzildan yuborilgan.
Janubiy Koreyaning kiberxavfsizlik kompaniyasi Genians’ mutaxassislari ChatGPT’da mavjud cheklovlarni aylanib o‘tish orqali soxta hujjatlarni yaratish mumkinligini tasdiqlagan. Garchi Janubiy Koreyada davlat guvohnomalarini qayta ishlab chiqish qonun bilan taqiqlangan bo‘lsa-da, xakerlar savol ifodasini o‘zgartirish orqali chat-botdan bunday tasvirlarni olishga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Open AI o‘zining ChatGPT sun’iy intellekt chat-boti uchun bolaning ruhiy holati yomonlashganida ota-onani xabardor qilish kabi yangi nazorat funksiyasini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi