Byurokratiya va korrupsiyaga berilgan har qanday rahbar bilan xayrlashamiz – Mirziyoyev
Jamiyat
−
14 iyul 2023
5404Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati kelgusi 7 yilda qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, byurokratiya va korrupsiya berilgan har qanday rahbar bilan xayrlashadi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 14 iyul kuni yangi prezidentlik muddatiga kirishishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlisidagi nutqida so‘z ochdi.
“Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan ko‘z tikib turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart”, deb gap boshladi Mirziyoyev.
U barcha bo‘g‘indagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho berilishini urg‘uladi.
“Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz”, deydi Mirziyoyev.
Ularning o‘rniga lavozimlarga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit- qizlar keltirilishi aytildi.
“Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini ko‘raman”, degan Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi