Byudjetning 5 foizi “jamoatchilikning qo‘liga beriladi”
Jamiyat
−
14 aprel 2021
4000Byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 13 aprel kuni imzolangan “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
2021 yil may oyidan 14 ta tuman (shahar)da byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Mazkur yangi tartib 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran respublikaning barcha tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
2021 yil 1 iyuldan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Shuningdek, jamoatchilik fikri asosidagi tadbirlar uchun mablag‘lar “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”da to‘planadi va undan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Tuman hokimliklari jamoatchilik fikri asosidagi tadbirlarni byudjetdan moliyalashtirishga oid ma’lumotlarni har chorak bo‘yicha rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtiradi.