Byudjetdan qimmatbaho avtomobil olgan rahbarlarning “toy”chog‘iga nima bo‘ladi? 

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi tayyorlanib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbar xodimlariga xizmat avtotransportlarini klassiga qarab biriktirish qat’iy belgilab qo‘yilishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. 

Mazkur qaror loyihasi haqida gapirilganda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan “hamma oladigan mashinasini olib bo‘ldi-ku, endi bu qarorni qabul qilishning nima foydasi bor” qabilida fikrlar bildirilmoqda. Bunday izohlarga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Bahrom Burxoniddinov oydinlik kiritdi:

“Bu masala qarorda o‘z yechimini topganiga e’tibor qaratmoqchiman. Xususan, Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan, ya’ni qaror amalda bo‘lguncha xarid qilingan barcha xizmat avtoransportlari xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan normativlar (summa)dan ortiqcha bo‘lsa, bu xizmat avtotransportlari “E-Ijro Auksion” orqali auksion savdolarda sotilishi ta’minlanadi.

Xizmat avtoransportlarini sotishdan tushgan mablag‘lar, agar avtomobil sotib olish uchun mablag‘ respublika byudjetidan sarflangan bo‘lsa, respublika byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan yo‘naltirilgan bo‘lsa, mahalliy byudjetning o‘ziga qaytariladi”, deydi agentlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi Captiva avtomobili bo‘la turib, xizmat mashinasi sifatida 370 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib olgandi. Keyinroq Surxondaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi Moliya vazirligining rasmiy xatini qalbakilashtirib, Nexia-3 o‘rniga 349 mln so‘mga Equinox sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Xaridlar haqidagi bu kabi ochiq ma’lumotlar esa jamoatchilik orasida byudjet mablag‘larining samarali sarflanishiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil'

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing