“Buzruk” qamoqdan chiqarib yuborildimi?
3-sahifa
−
07 may 8777 1 daqiqa
2023 yil oxirida O‘zbekistonda ko‘cha bezorilariga qarshi o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kun” reyd tadbirlarida ko‘plab jinoiy guruh faollari qatorida “Buzruk” nomi bilan tanilgan Buzruk Akmalovich Buzrukov qo‘lga olingani, 2024 yilning avgust oyida unga sud hukmi o‘qilib, 13 yarim yil ozodlikdan mahrum qilinganidan xabaringiz bor.
Shu kunlarda Buzruk Buzrukov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yangi surat paydo bo‘ldi.

Surat joriy yilning 9 aprel kuni Instagram’ga joylashtirilgan bo‘lib, u Turkiyaning Istanbul shahrida, dengiz sohilida olingan. Suratga qoldirilgan izohlarda Buzruk Buzrukovning aksariyat kuzatuvchilari uni qamoqdan ozod qilingani bilan tabriklab izoh yozgan.
QALAMPIR.UZ’ning huquq-tartibot organlaridagi manbasi ma’lum qilishicha, Buzruk Buzrukov ozodlikka chiqmagan va ayni vaqtda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan 5-son jazoni ijro etish koloniyasida saqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Buzruk Buzrukov Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 13 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilangan. Uning jazo muddati 2023 yil 4 dekabrdan boshlab hisoblanadi.