“Buzoqning yugurgani...” Pashinyan Putinning huzuriga bormoqchi
Olam
−
12:41 1002 2 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Bishkekdagi uchrashuvni juda yaxshi deb atadi va yaqin kelajakda Moskvaga tashrif buyurishga kelishib olinganini ma’lum qildi.
“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi uchrashuv o‘tkazdim”, deydi u o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan videomurojaatida.
U so‘zida davom etarkan, ikki mamlakat ham o‘zaro munosabatlarda ehtiyotkor ekanini alohida urg‘ulagan va kelgusi aloqalar yanada yaxshiroq bo‘lishiga umid bildirgan.
“Samimiy va konstruktiv muloqotni Moskvaga yaqin oradagi tashrifim davomida davom ettirishga kelishib oldik. Shuni qayd etish kerakki, Armaniston va Rossiyaning ikki tomonlama munosabatlari har ikki davlat uchun juda muhim va biz bu munosabatlarga juda ehtiyotkorona yondashamiz, Prezident Putin boshchiligidagi Rossiya ham ehtiyotkorona yondashadi. Ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, yangi muhitda, yangi sharoitlarda bu munosabatlar o‘zgarishga muhtoj va bu o‘zgarish natijasida, ishonchim komilki, munosabatlar yaxshiroq – yanada konstruktiv, foydali va iliqroq bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan Pashinyan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanni mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning aniq masalalarini muhokama qilish uchun Rossiya poytaxtiga taklif qilganini ma’lum qildi.
“Men uni [Pashinyanni] Moskvaga shoshilmasdan, uning mutaxassislari va bizning mutaxassislar bilan o‘tirib, har bir bandni ko‘rib chiqishimiz uchun taklif qildim. U yerda aniq savollar bor. Aytaylik, temir yo‘l, uni rivojlantirish masalalari. Bunday infratuzilmaga sarmoya kiritish tashuvlar hajmiga bog‘liq. Tashuvlar hajmi bormi? Agar bo‘lsa, biz istalgancha sarmoya kiritamiz. Tashuvlar hajmi bo‘lmasa – na sarmoya, na rivojlanish bo‘ladi”, deydi Putin.
Joriy yilning 1 sentyabr kuni Vladimir Putin va Nikol Pashinyan Bishkekda SHHT sammiti doirasida uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish niyati va bu qarorning Rossiya bilan munosabatlarga ehtimoliy ta’siri bo‘ldi.
O‘z navbatida, Pashinyan ham Armaniston Rossiya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. U Yerevanning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilishi Rossiya va YeOII bilan mavjud kelishuvlarni buzmaydi, deb hisoblashini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan endi Rossiyani “strategik sherik” deb hisoblamasligini aytgandi.
Live
Barchasi