Bo‘zatov va Taxtako‘pirga borib ishlagan shifokorlarga ham 200 foizgacha ustama beriladi
Jamiyat
−
12:55 817 1 daqiqa
Mo‘ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga to‘lanayotgan 200 foizgacha oylik ustama 1 yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarning ko‘lami ham kengaymoqda. Nukusdagi markaziy shifoxonada jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shu yil bosh miya, yurak va plastik jarrohlik kabi murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta operatsiya o‘tkazilgan.
Hududda tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etilgan. Tibbiyot muassasalariga 10 million dollarlik jihozlar olib berilgan.
O‘zbekistonda birinchi marta xususiy sheriklik asosida tashkil qilingan Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi soha xodimlari bilimini baholash va malakasini oshirishda metodik markaz bo‘ladi.
Tibbiyot akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi hamda yangi tashkil etiladigan ko‘p tarmoqli shifoxonani yaxlit tizimga birlashtirib, Universitet tibbiy klasteri tashkil qilinadi.
Mo‘ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga to‘lanayotgan 200 foizgacha oylik ustama 1 yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.