Buyuk Britaniyada “vampir” qo‘lga olindi
Olam
−
12:25 12546 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Hempshir grafligida cherkovlar oldiga qo‘y va kiyik jasadlarini tashlab yurgan 48 yoshli Benjamin Lyuis sud qarori bilan majburiy davolanish uchun ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Lyuis fermerlardan qo‘zilarni o‘g‘irlab, ularni so‘ygan va jasadlarni Nyu-Forest hududidagi cherkovlar eshigi oldiga qoldirgan. Ayrim hollarda u teskari xoch belgisi va taro kartalarini ham tashlab ketgan. Bu mahalliy aholi va cherkov xodimlari orasida qo‘rquv uyg‘otgan.
Politsiya uni bir necha oy kuzatgan va hatto satanizm taqvimidagi muhim sanalarida cherkovlar atrofida nazorat o‘rnatgan. Oxir-oqibat qo‘zichoq jasadidan topilgan DNK orqali Lyuis qo‘lga olingan.
Tergov vaqtida uning uyidan vampirlar tasvirlari, marosimlarga oid yozuvlar va qon ichish haqidagi qaydlar topilgan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, Lyuis qon ichish insonni abadiy yashashiga va vampirga aylanishiga ishongan.
Sud uni diniy adovat asosida qasddan tahdid va qo‘rquv uyg‘otish hamda qo‘zilarni o‘g‘irlashda aybdor deb topgan. Sudya Uilyam Mausli uning xavfsiz deb topilmagunicha shifoxonada saqlanishini belgilagan.
Psixiatrlar Lyuisda murakkab ruhiy salomatlik muammolari borligini bildirgan. Ma’lum bo‘lishicha, u 2003 yilda ham o‘zini vampir deb atab, bir ruhoniy va uning oilasini qo‘rqitgani uchun qamalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi Nijniy Tagil shahrida pitssa buyurtmasini “Adolf Gitler” nomi bilan rasmiylashtirgan talaba politsiya tomonidan ushlangandi.
Live
Barchasi