Buyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainaga “bosqini”ning yangi muddatini aytdi
Olam
−
20 fevral 2022
15767Rossiya kelasi haftadayoq Ukrainaga hujum qilishi mumkin. Bu haqda “Reuters” agentligi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liza Trassning so‘zlariga tayanib yozgan.
“Eng yomon ssenariy keyingi haftada sodir bo‘lishi mumkin. Haqiqat shundaki, Rossiya soatni orqaga qaytarishga harakat qilmoqda”, deydi u.
Trassning fikricha, Yevropa XX asr boshidan beri eng jiddiy xavfsizlik tahdidiga duch kelmoqda.
“Rossiya diplomatik yechim topish imkoniyatini jiddiy qabul qilmayapti, deb qo‘rqaman”, degan u.
Qayd etish kerakki, AQSH va G‘arb davlatlari so‘nggi oylarda Rossiyani Ukrainaga bosqin tayyorlashda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. Ammo unday bo‘lmadi.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, chegaraga qo‘shin joylashtirilishi faqatgina harbiy mashg‘ulot uchun ekanini ta’kidlayotgandi. Kreml joriy yilning 20 fevraligacha mashg‘ulot o‘tkazishni belgilagandi. Rasmiy Moskva 15 fevral kuni chegaradagi qo‘shinlarini ortga qaytarishni boshlaganini e’lon qildi.
Biroq bu xabarlarga shubha bilan qaragan AQSH rahbariyati joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirganini e’lon qildi. Rasmiylar Kreml “istalgan vaqtda Ukrainaga bostirib kirishni oqlash uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi” mumkinligi haqida “dalil olishda davom etmoqda”.
Aytish joizki, hozirda Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy tayyorgarlikka chaqirdi.
LiveBarchasi