Buyuk Britaniya harbiy bank tashkil etmoqchi

Olam

image

Britaniya hukumati Shimoliy Yevropalik ittifoqchilariga qayta qurollanishni tezlashtirishda yordam beradigan “mudofaa banki”ni yaratish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ushbu sxema Yevropa Ittifoqining qurol-yarog‘ sotib olishni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan kredit mexanizmi asosida tuzilishi mumkin. JEF (Joint Expeditionary Force — Birlashgan ekspeditsiya kuchlari) banki NATOga a’zo o‘nta Shimoliy Yevropa davlatidan iborat alyansga arzonroq zayemlar hisobiga mudofaa loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi. JEF tarkibiga Buyuk Britaniyadan tashqari Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Estoniya, Latviya, Litva, Daniya, Islandiya va Niderlandiya kiradi.

O‘tgan oyda alyansning uchta davlati – Buyuk Britaniya, Finlyandiya va Niderlandiya yangi mexanizm ustida ishlashni boshlashga kelishib olgan. Undan ko‘p tomonlama mudofaa dasturlarini moliyalashtirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, qurol sotib olish va Ukrainaga harbiy yordam berish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi. Muhokamalar jarayonidan xabardor manbaning aytishicha, muzokaralar hozircha dastlabki bosqichda. Rasmiy e’lon iyul oyi boshida, NATO yetakchilarining Anqarada bo‘lib o‘tadigan yillik sammitigacha berilishi mumkin.

Buyuk Britaniyaning o‘zi mudofaa xarajatlarini 2029–2030 yillarga borib YAIMning 3 foizigacha oshirish uchun zarur bo‘lgan 17,6 milliard funtni topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. O‘tgan haftada gazeta Moliya vaziri Reychel Rivz zarur mablag‘larni jalb qilish uchun aholi va moliyaviy institutlar uchun “harbiy obligatsiyalar” chiqarishni ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan.

Agar bunday sxema boshqa JEF ittifoqchilariga ham tatbiq etilsa, qarz olish xarajatlari kamayishi mumkin: blok davlatlari birgalikda eng yuqori AAA kredit reytingiga umid qila oladi. Jalb qilingan mablag‘larni Arktika, Shimoliy Atlantika va Boltiqbo‘yi mintaqasida Rossiya tahdidining oldini olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Shu haftada ittifoqchilar Rossiya kuchlarining harakatlariga javoban ushbu hududlarda harbiy-dengiz ishtirokini kuchaytirishga kelishib olgan. Britaniyada alyansni Moskva tomonidan tahdid yuzaga kelgan taqdirda jangovar harakatlarga shay bo‘lgan doimiy birlashgan kuchlarga aylantirish kerak deb hisoblamoqda. 

“Biz Buyuk Britaniya o‘sib borayotgan tahdidlarga javob berishga tayyor bo‘lishi uchun joriy parlament muddati davomida mudofaaga 270 milliard funt miqdorida investitsiya kiritishni tasdiqladik – bu sovuq urush davridan beri eng yirik o‘sishdir”, deydi Britaniya hukumati vakili.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya harbiy bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing