Bo‘stonliqdagi “snos”: buzilayotgan uymi yo yo‘l ustiga noqonuniy qurilgan “dacha”?

Tahlil

Poytaxt Toshkentda yashovchi oila dam olish kuni oilaviy hordiq uchun tog‘ yon bag‘riga, aytaylik, Bo‘stonliq tumaniga borsa, dala hovlilarga murojaat qiladi. 5-6 kishiga mo‘ljallangan “dacha”ning bir kunlik narxi esa o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil etadi. Xo‘sh, Toshkentda qancha oilaning bunday hordiq chiqarishga qurbi yetadi? Aniq raqamlarni bilmaymiz-ku, ammo ko‘p emasligi aniq.

Foydasidan zarari ko‘p “dacha”lar

Bo‘stonliqda dam olish uchun sarflanayotgan pullar kimning cho‘ntagini to‘ldiryapti? Bu pullarni o‘sha yerda “sezon” keldi deguncha hoziru nozir bo‘ladigan “uddaburon”lar jig‘ildoniga uryapti. Qizig‘i, odamlarga dam olish uchun berilayotgan “dacha”lar davlat yeriga, yo‘l ustiga noqonuniy qurilgan va yo‘l harakati qatnashchilariga noqulaylik tug‘dirib kelyapti. Bu ham yetmaganidek, uni qurganlar olgan millionlaridan davlatga soliq to‘layotgani ham yo‘q.

Eskilardan ko‘p eshitganmiz: yo‘l ustiga qabr qo‘yib bo‘lmaydi, ammo qabr ustidan yo‘l o‘tkazsa bo‘ladi. Bu bilan qabrlar o‘rnida yo‘l qurilishiga da’vo qilinmaydi. Aksincha, yo‘lning ahamiyati jiddiyligi tushuniladi, xolos. 

Yo‘l yo‘lakay...

Boshqaning cho‘ntagini kavlashdan yiroqmiz, ammo nega mavsum kelganda tirikchiligini qilayotganlar soliq to‘lamasligi kerak. Yana “davlat uni qilib bermadi, buni ortga suryapti” deb ta’na qilishni bilishadi.

Bo‘stonliqda “dacha” biznesi shu darajaga yetganki, puli borlar taqiqlangan hududlar, tog‘ qiyaliklari, avtomobil yo‘llari, soy va daryolarning muhofaza qilinadigan qismlarini egallab, u yerlarga amrning ko‘shkidek “qasr”lar qurib olgan. Bu avvalo fuqarolar hayotiga xavf tug‘diradi hamda tabiatga zarar yetkazadi. Dachadan bir kunda 10 kishi naf ko‘rib, dam olar, yo‘ldan esa kuniga minglab odamlar o‘tadi. Shunday ekan, xalqning yo‘lni egallab olish odamlarga xiyonat emasmi?

Bo‘stonliqni tartibga solish nega kerak bo‘lib qoldi?

Ko‘rib turibsiz, karantin dunyo turizmini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Odamlar boshqa mamlakatlarga borishdan qo‘rqib qoldi. Bunda esa ichki turizmni yanada rivojlantirish, odamlarga nafaqat ishlash, balki dam olishga ham sharoit yaratish masalasi ko‘ndalang turibdi. Bunday holatlarga esa Bo‘stonliqqa turistlar oqimi ortishi ortidan chek qo‘yish boshlandi. Sayyohlarning ko‘payishi sababli, tumanda infratuzilmani yaxshilashga ehtiyoj tug‘ila boshladi. Buning ortidan o‘z vaqtida hokimliklar tomonidan asossiz ravishda ruxsat berilishi sababli qurilish qilib bo‘lmaydigan hududlarda barpo etilgan ob’ektlar noqonuniy deb topilib, buziladigan bo‘lgan.

Bo‘stonliqdagi o‘zboshimchaliklar

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda o‘rganishlar natijasida 396 ta turar va noturarjoy binolari noqonuniy tarzda qurilgani, 574 ta holatda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari aniqlangan.

Bunday holatning yuzaga kelishiga birinchi o‘rinda jig‘ildoni hakalak otgan, haromdan tap tortmagan ayrim mahalliy rahbarlarning yillar davomida aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini rejali tashkil etmagani sabab bo‘lgan.Natijada odamlar turli qing‘ir yo‘llar bilan maqsadiga erishgan.Shahar bedarvoza emas, hozirgi kunda mazkur masala bilan bog‘liq holatda 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va bu jarayon davom ettirilmoqda.

Masalan, “G‘azalkent-Chimyon” avtomobil yo‘lining Glavasoy qishlog‘i hududidagi maktabning foydalanilmasdan turgan yordamchi binosi ushbu huddudda yashovchi fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. “Ugam” daryosi hududida 150 ta holatda 16,7 gektar yer maydoni hamda ob’ekti bor 2,6 ming metr kvadrat maydon to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan. Shunga o‘xshash holatlar Qoraqiya hududi, Yong‘oqsoy mahallasida ham aniqlangan. O‘zboshimchalik bilan qurilgan bunday noqonuniy qurilmalarni majburiy buzdirish yuzasidan sudlarga arizalar kiritilgan.

Chinor avtomobil yo‘lining muhofaza hududida 21 ta yengil konstruksiyali bostirmalar, o‘zboshimchalik bilan bunyod etilgan temir to‘siqlar bartaraf etilgan. Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash va talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan.

“Chimyon” mahallasi hududida ham inshootlar ko‘chaning 3 metrli muhofaza hududini egallagani aniqlangan. Oqibatda ko‘chada piyodalar uchun yo‘l qolmagan va noqulaylik yuzaga kelgan. Hozirda noqonuniy qurilgan ob’ektlar buzilib, yo‘llar kengaytira boshlangan. Yo‘l qurishda piyodalar uchun ham alohida trotuar qilish inobatga olingan.

Tumandagi o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilishlarni o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ham qoraladi. U qurilishlar betartib amalga oshirilganiga e’tibor qaratdi.

"Bo‘stonliqda arzon, sifatli va xavfsiz hordiq uchun muhit yaratish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun esa yo‘llarni, infratuzilmani to‘g‘rilab olishimiz kerak. Yo‘l chetlarida, daryo bo‘yida, kuchli elektr quvvati o‘tgan nuqtalarda qurilish qilish mumkin emas. Holatni o‘rganish mobaynida elektr simi o‘tgan joyda ham, yo‘lning chetida ham qurilishlar qilinganiga guvoh bo‘ldik. Odamlar yurishiga yo‘lakcha ham yo‘q, uylariga qo‘shib olgan", deydi Yodgorov.

Mas’ullar qurilish noqonuniy ekanini bilmaganmi?

Bo‘stonliq tumani bosh arxitektori Olimjon Nazirovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerlar bundan ancha yillar ilgari sud orqali fuqarolarga berilgan. Sudga talab qilinayotgan yerlar muhofaza hududiga kirishi yuzasidan ogohlantirish berilganiga qaramasdan, fuqarolarga bo‘lib berilgan. Hozirda uyi buzilishga tushgan fuqarolarning shikoyat va e’tirozlari tuman hokimligi tomonidan o‘rganilib, kompensatsiya to‘lab berish masalasi ko‘rib chiqilgan. Xonadonlar baholanib, chiqarilgan narx to‘lab berilgan. Ba’zilarga esa uy maydoni hisoblanib, boshqa joydan yer ajratiladigan bo‘ldi.

To‘g‘ri, odamlar “snos”lardan charchagan, ammo ham noqonuniy, ham xavfli ob’ektlarni buzmasdan boshqa iloj yo‘q. Qonun ishlamas ekan, bunday holatlar keyin ham kuzatiladi. Endilikda falon million pul sarflab, tirikchilik qilish uchun imorat solganlar, yerni ajratish qonunga zid ekanini bila turib, unda qurilish qilishga ruxsat berganlarning yoqasidan olishi eng to‘g‘ri va yagona yo‘l bo‘lsa kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Bo'stonliq dala hovli

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing