“Buni qiyomatda javobi bor”. Muftiy nega haligacha Ramazon Hayiti sanasi e’lon qilinmaganiga izoh berdi
Jamiyat
−
29 aprel 2022
45945Bugun muqaddas Ramazon oyining 28-kuni, ammo O‘zbekistonda hamon Ramazon Hayiti qaysi kunga to‘g‘ri kelishi rasman e’lon qilinmadi. Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan ushbu savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi - muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov bugun, 29 aprel kuni Toshkentdagi “Siroj Solih” masjidida qilgan ma’ruzasida izoh berdi.
Musulmonlar idorasi raisiga ko‘ra, barchasi shariat qoidalariga binoan bo‘lishi va millionlab musulmonlarga eng to‘g‘ri ma’lumotni yetkazishdagi mas’uliyat sababli joriy yildan boshlab Ramazonning boshlanishi va hayitlarni aniqlashda o‘zgacha usuldan foydalaniladi.
“Biz bu yil Allohning marhamati bilan, azizlar bir sunnatni ado qildik — O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi Fatvo bo‘limini Fatvo markaziga aylantirdik. Avval, Fatvo bo‘limida 3-4 nafar domla ishlagan bo‘lsa, endi qariyb 15-16 nafar ahli ilm xizmat qiladi. Olimlar, shariatni, fiqhni yaxshi biladigan ustozlarni jamlab, katta bir markaz qildik — Fatvo markazi. Mana shu markaz ichida va tashqaridagi ulamolar bilan maslahatlashgan holda Oylarni kuzatib turuvchi alohida Hay’at tuzdik. Endi Xudo xohlasa, faqatgina Ramazon oyining yoki Zulhijja oylarini emas, yil 12 oy Oyni kuzatib, namozning vaqtlarini ham ko‘rib boradi. Hozir shunga harakat qilyapmiz”, deya tushuntirdi muftiy.
Ta’kidlanishicha, hozir, mas’ul Hay’at astronom va falakshunos olimlar bilan birga Ramazon Hayiti kunining anig‘ini hisoblash bilan mashg‘ul.
“Biz hozir, namoz vaqtlarining ham asl-haqiqiy, shariatga muvofiq vaqtlarini belgilash harakatidamiz. Ko‘pchilik buni bilmaydi. Namozning vaqtlariga e’tiroz bildirganlar ham bor. Hozir, Hay’atimiz astronom va falakshunos olimlar bilan birga hayit kunining anig‘ini hisoblash bilan mashg‘ul. Ertaga buni xulosasini qilamiz va Hayitni ham o‘shanga qarab e’lon qilamiz. Bu oson ish emas, azizlar. Million kishining ro‘zasiga javob berishlik muftiyning gardanida. Buni qiyomatda javobi bor. Shuning uchun, bu narsaga mas’uliyat bilan yondashyapmiz, duo qilib tursalaringiz, Insha Alloh matbuotlarda Hayit kunining anig‘i, siz azizlarga yetkiziladi. Va, albatta davlatimiz rahbarining har yilgidek ramazon bo‘yicha qarorlari ham e’lon qilinadi. Alloh hammamizga mana shu kunlarni nasib qilsin”, deydi Nuriddin domla Xoliqnazarov.
Ramazon hayitining birinchi kuni haqidagi ma’lumotlar Ulamolar Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tegishli xulosalar qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Ramazon oyi 2 aprelda boshlandi va 1 maygacha davom etadi. Oy ko‘rinishida o‘zgarish bo‘lmasa, Ramazon hayitining birinchi kuni 2 mayga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Tojikistonning barcha shahar va viloyatlaridagi masjidlarda hayit namozi 2 may kuni ertalab soat 6:00 da o‘qiladi.
LiveBarchasi