Buni bizga dinimiz o‘rgatgan – Erdo‘g‘an
Olam
−
15 mart 2022
16695Turkiya qochqinlar va muhojirlar uchun eshiklarini yopmaydi, yordamga muhtojlarni mamlakatdan chiqarib yubormaydi. Bu haqda bugun, 15 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan insonparvarlik mukofotlarini topshirish marosimida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qilgan.
Turkiya rahbari Turkiya avvalroq Afg‘oniston, Suriya va Iroqdan kelgan millionlab qochqin va muhojirlar uchun eshiklarni ochganini eslatgan.
“Bugun Turkiya Ukrainadan kelgan qochqinlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Biz bunga muhtoj bo‘lgan har bir kishiga yordam berishda davom etamiz”, deydi Prezident.
U tibbiy yordam ko‘rsatish masalasida Anqara o‘z fuqarolari va muhojirlar o‘rtasida farq qilmasligini ta’kidlagan.
“Insonparvarlik va qo‘llab-quvvatlash Turkiyaning ustuvor yo‘nalishlari, dinimiz bizga o‘rgatgan narsa”, deydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 mart kuni Rajab Toyib Erdo‘g‘an Antaliya diplomatik forumida nutq so‘zlab, dunyoda yangi urushlar o‘chog‘i paydo bo‘lishi oqibatida qochqinlar soni keskin ortib borayotganiga e’tibor qaratgan edi.
“Faqatgina 2014 yildan buyon O‘rta yer dengizining moviy suvlari 25 mingga yaqin yo‘lovchining qabri bo‘ldi. So‘nggi 10 yil ichida dunyo bo‘ylab qochqinlar soni ikki baravardan ziyod ortdi va 85 millionga yetdi. Bu raqamga 15 kun ichida 2 milliondan ortiq ukrainalik qo‘shildi. O‘z boshpanalarini tashlab qochganlar soni kelgusi davrda yanada ortishi ayon bo‘lib bormoqda”, degan edi Turkiya rahbari.
LiveBarchasi