“Bunyodkor” va Rivaldo mojarosi: 9,2 million yevrolik qarz qachon to‘lab bo‘linadi?
Sport
−
09:00 3788 8 daqiqa
“Bunyodkor” va braziliyalik futbol afsonasi Rivaldo o‘rtasidagi mojaro so‘nggi yillarda O‘zbekiston futbol tarixidagi eng murakkab va eng uzoq davom etayotgan moliyaviy-huquqiy bahslardan biriga aylangan. Joriy yilning 14 may kuni Toshkent klubining sobiq futbolchisi bilan bog‘liq tortishuvlarning yana bir yangi bosqichi boshlandi. 16 yil oldinga borib taqladigan bu masala hali ham yakun topmagani, janubiy amerikalik sobiq futbol yulduzining “qaldirg‘ochlar”dan so‘ngi tiyinigacha undirib olguniga qadar davom etishi tobora oydinlashmoqda. Xo‘sh, aslida “yoshi o‘tgan” bo‘lsada, bir qator dunyo yulduzi darajasidagi futbolchilarni jamlay olgan klub nega pul to‘lay olmaydigan holatga kelib qoldi? Quyida shu masalalarning sabablarini ko‘rib chiqamiz.
“Quruvchi”ning “Bunyodkor”ga aylanishi
“Bunyodkor“ 2005 yil 6 iyulda “Neftgazmontaj-Quruvchi” nomi bilan tashkil etiladi. 2005 yilda klub dastlab Toshkent viloyati chempionatida o‘ynadi va o‘sha paytlardagi o‘zbek futbolining ikkinchi ligasi (hozirda uchbu liga Pro-liga deb ataladi) bo‘lgan Birinchi ligaga chiqish uchun Ikkinchi liga pley-off bosqichiga yo‘l oldi va kuzda ligada g‘olib bo‘ladi. O‘sha paytlarda musobaqalarda “Quruvchi” nomi bilan qatnashgan jamoa ilk yilidayoq birinchi marta professional ligaga ko‘tarildi va Hikmat Ergashev boshchiligida birinchi urinishdayoq liga g‘olibi bo‘ldi. Jamoa 38 uchrashuvning 27 tasida g‘alaba qozonib, 5 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etdi.
2006 yilda Birinchi ligadagi g‘alabadan so‘ng, 2007 yilgi mavsumda “Quruvchi” O‘zbekiston Oliy Ligasida (hozirgi Superliga) debyut qildi. Tasavvur qilyapsizmi? Tashkil etilganidan atigi 1,5 yil o‘tib oliy ligada ishtirok etish! Bu holat klub ortida kuchli moliyaviy imkoniyatga ega “kattakonlar” turganini va jamoaning byudjeti ancha baquvvat bo‘lganini anglatadi. Hatto klub O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgan. Ammo biror marta rasman tasdiqlanmagan. Bu haqida keyinroq.
“Quruvchi” Oliy ligadagi birinchi mavsumidayoq Toshkentning “Paxtakor” klubidan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Kubogida ham klub sensatsion tarzda finalga chiqdi va o‘sha “Paxtakor”ga penaltilar seriyasida 6:7 hisobida yutqazdi (asosiy va qo‘shimcha vaqt 0:0 hisobida yakunlangan). “Quruvchi” shu davrning o‘zida bir nechta mamlakat rekordlarini yangiladi, jumladan eng ko‘p urilgan gol, eng kam o‘tkazib yuborilgan gol hamda favoritlarga qarshi o‘yinlarda to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha.
2008 yil “Bunyodkor”ning Osiyo Chempionlar Ligasidagi debyut yili bo‘lib, jamoa turnirning yarim finaliga qadar yetib bordi. Bu bosqichda esa Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” jamoasiga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, umumiy 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
“Bunyodkor”ni bunyod qilgan yulduzlar
Kun sayin, soat sayin yuksalib, kattarib borayotgan “Quruvchi” 2008 yil 14 iyulda o‘zining rasmiy sayti orqali “Barselona” yulduzi Samyuel Eto’O bilan olti oylik shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Bu voqeani klub sport direktori Baxtiyor Boboyev tasdiqlab, bu shartnoma o‘yin bilan bog‘liq hamkorlik doirasida ekanini aytdi. U, shuningdek, kamerunlik futbol yulduzi 17 iyul kuni shartnoma imzolashi va transfer har ikki klub prezidentlari o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar tufayli amalga oshirilganini ta’kidladi. Shunga qaramay, “Barselona” rasmiy vakili bu transfer haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini bildirib, “Menimcha, bu unchalik katta emas” degan mazmundagi izoh bergan.
2008 yil 16 iyulda “Marca” nashri hamda O‘zbekiston radiosi “Barselona” vakillari O‘zbekiston futbol federatsiyasi bilan muzokaralar olib borish hamda yoshlar futbolini rivojlantirish maqsadida Toshkentga kelishi kutilayotgani haqida xabar berdi. “Barselona” va “Bunyodkor” o‘rtasida yoshlar futboli yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha har yili yangilanadigan shartnoma mavjud edi. Ertasi kuni Eto′O “Quruvchi”ga qo‘shilish ehtimoli borligini tasdiqladi va jamoa 2008 yil 23 iyulda yakuniy qaror e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, “Bunyodkor” va “Barselona” rahbariyati ikki klub Toshkentda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishgani va o‘zbek tomoni “Kamp Nou” stadionida mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi.
2008 yil 31 iyul holatiga ko‘ra, Eto′O Joze Mourinyuning taklifiga binoan “Bunyodkor”ga rad javobini beradi va Milanning “Inter” klubi bilan kelishuvga erishdi.
Eto′O Toshkentga tashrif buyurganidan bir necha kun o‘tib, jamoaga “Barselona”dan yana ikki futbolchi — Andres Inesta va Karles Puyol hamda “Arsenal” yarim himoyachisi Sesk Fabregas tashrif buyurdi. 2008 yil avgust oyida klub nomi “Quruvchi”dan “Bunyodkor”ga o‘zgartirildi.
2008 yil sentyabriga kelib, Eto′O transferi amalga oshmagan bo‘lsa-da, “Bunyodkor” Toshkentga ikki mashhur braziliyalikni olib keldi: Rivaldo hamda bosh murabbiy Ziko. Rivaldo tanishtiruvidan uch hafta o‘tib, uning vatandoshi Ziko klub bilan bir yillik shartnoma imzolab, jamoa bosh murabbiyi bo‘ldi. Mirjalol Qosimov esa braziliyalik Zikoga maslahatchi-murabbiy sifatida yordam berdi. Rivaldoning yillik shartnomasi soliqdan tashqari 6 million yevro (2008 yil kursiga ko‘ra tahminan 11 mlrd so‘m)ni tashkil etgan, shuningdek, unga imij huquqlari shartnomasi asosida klubning boshqa daromadlaridan 26 foiz ulush berilgan. Natijada u birinchi yilida taxminan 19 mlrd 28 mln so‘m daromad olgan.
Shonli yuksalishdan uzoq yillik sud jarayonlarigacha
2008 yil yozida shartnoma imzolanganidan bir necha oy o‘tgach, u maslahatchi vazifalarini bajarish bilan birga shartnomani yana ikki yilga, 2011 yil yozigacha uzaytirishga rozi bo‘ladi. Ammo tez ishgan sharning yorilishi kundek ravshan bo‘lgani kabi, “Bunyodkor”ning ham futbolga tikkan pullari tezda tugab qoladi, aniqrog‘i, homiylarning mablag‘lari kamayib boradi. O‘sha paytlarda “Bunyodkor”ga yaxshigina investitsiya qilgani aytilgan Gulnora Karimova va “Zeromax”ning o‘zini oldida jiddiy muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Buning natijasida, moliyaviy mablag‘larning kamayishi “Bunyodkor”ga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bankrotlik yoqasida turgan tashkilot esa futbolga berayotgan pullarni qisishga o‘tdi.
Manbalarga ko‘ra, 2009 yildan boshlab futbolchilarga maoshlar kechiktirilgan, ayrim to‘lovlar vaqtida amalga oshirilmagan. Keyinchalik Rivaldo ham maosh to‘lovlarida uzilishlar bo‘lganini tasdiqlagan. Hatto ayrim holatlarda u klub ichidagi xodimlarga yordam berish uchun shaxsiy mablag‘laridan foydalanganini ham aytgan.
“2009 yil yozidan boshlab futbolchining maoshi to‘xtatildi. Unga jiddiy muammo yo‘qligi, shunchaki pul oqimi bilan bog‘liq muammo borligi aytildi va bu g‘ayrioddiy tuyulsa-da, u bu tashvishga sabab emas deb o‘yladi. 2010 yil iyulda, Zeromax bankrot bo‘lgan vaqtga kelib Rivaldo sudga murojaat qilishga qaror qildi”, deydi uning advokati. Shu paytdan Rivaldoning “Bunyodkor” bilan shartnomasi bir tomonlama o‘z nihoyasiga yetadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rivaldo o‘sha paytda klubdan ko‘rgan o‘z zararini taxminan 16 million yevro deb baholagan.
2017 yil sentyabr oyiga kelib, FIFA “Bunyodkor”ga Rivaldo oldidagi qarzni to‘lashi kerakligi haqida majburiyat yukladi. 2023 yilga kelib xalqaro Sport arbitraj sudi (CAS) FIFA qarorini to‘liq tasdiqladi. CAS qaroriga ko‘ra, o‘sha paytda “Bunyodkor”ga Rivaldo va Denilsonga taxminan 9,2 million yevro (taxminan 124 milliard so‘m) to‘lash buyuriladi.
Shundan:
• 2 489 947 yevro – to‘lanmagan o‘yinchi bonuslari va yillik 5% bonus;
• 5 664 000 yevro – shartnomani bekor qilish uchun kompensatsiya va yillik 5% miqdorida bonus;
• 10 000 yevro – arbitraj jarayoni xarajatlari uchun kompensatsiya.
Denilson Martins Nascimento oldidagi majburiyatlar – jami 1,11 million dollar:
Shundan:
• 700 000 dollar – to‘lanmagan bonuslar va braziliyalik futbolchiga yillik 5% bonus;
• 400 000 dollar – shartnomani buzganlik uchun kompensatsiya va yillik 5% bonus;
• 10 000 dollar – Shveytsariya franki – arbitraj jarayoni xarajatlari uchun kompensatsiya.
Shundan so‘ng klub direktori Murod Aliyev ushbu qarzni to‘lash masalasi klub rahbariyati, ya’ni “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasi tomonidan hal qilinishini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, advokatlar braziliyalik futbolchilarga to‘lanadigan to‘lov miqdorini kamaytirish ustida ish olib borgan. O‘sha paytda shartnoma “Bunyodkor” bilan emas, balki “Zeromax” kompaniyasi bilan imzolangan edi, biroq shartnomada “Bunyodkor” bilan qo‘shimcha kelishuv ham mavjud bo‘lgan. Shu sababli ham tashkilot bilan tuzilgan “Zeromax” bankrotligidan keyin klubga o‘tgan.
“Bunyodkor” klubi direktori Aliyev ushbu qarzlarni to‘lash uchun 2–3 yil vaqt talab qilishini aytib o‘tgan. 2026 yilga kelib aytilgan muddatning ikki yili o‘tgan. Taxminan yana bir yillik to‘lovlar qolgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra davlat idoralari futbol jamoalariga homiylik qilishni to‘xtatishni boshladi. Jumladan, “Bunyodkor”ni moliyalashtirib kelgan va uning qarzlarini qoplab kelayotgan “O‘zbekneftgaz” AJ ham bu jarayondan chetda qolmadi.
2026 yildan boshlab, 15 aprelga qadar to‘lanmay qolgan Rivaldo qarzi sabab bu mojaro yana ko‘tarildi. Toshkent klubining bayonotida aytilishicha, klub ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va “O‘zbekneftgaz” AJdan yordam so‘ragan. Agar 30 kun ichida “Bunyodkor” sobiq futbolchisiga qarzlarni to‘lamasa, jiddiy sanksiyalar va muammolarga uchrashi aniq.
Xo‘sh, endi bu qarzlarni kim to‘laydi? Homiysidan ayrilgan “Bunyodkor”mi yoki bir necha yil avvalgi rahbarlari ayamay borini futbolga sochgan “O‘zbekneftgaz” AJmi? Yoxud O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasimi? Har holda, bir paytlar bu ishni boshlab, oxirini o‘ylab ko‘rmagan “Zeromax” emas. Voqealarni QALAMPIR.UZ’da kuzatishda davom eting — hammasiga javob topasiz!
Live
Barchasi