“Bunyodkor” – “Nasaf” o‘yini yakunida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi (video)
Sport
−
17 aprel 2023
26542Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 6-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Nasaf” uchrashuvi yakunlandi. Murosasiz bahsda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi.
O‘yinda kiritilgan gollarga “Nasaf”dan G‘olib G‘aybullayev, “Bunyodkor”dan esa Aleksey Nosko mualliflik qildi.
Uchrashuvdan so‘ng ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz berdi.
Mehmonlar murabbiyining ta’kidlashicha, janjal kelib chiqishiga “Bunyodkor” a’zosi Davron Ergashevning Qarshi jamoasi futbolchilariga qiliq ko‘rsatgani sabab bo‘lgan.
“Yigitlar o‘yindan so‘ng hakam bilan suhbatlashib, sekin maydonni tark etayotgandi. Biz ham bir chetda turgandik. Ergashev bizning o‘yinchilarga qiliq ko‘rsatdi. Bu futbolchiga yarashmasdi. Men oldiga borib, unga dakki berdim. Unda bunday holat birinchisi emasdi. Litsenziyamni olib qo‘yishar emish. Mayli, olaverishsin. Bu qo‘rqinchli emas. Lekin bu holat adolatdan emas”, deydi Berdiyev.