“Bunday yirik nosozlik ilgari bo‘lmagan” — Qirg‘iziston Energetika vaziri

Olam

image

Markaziy Osiyo energetika halqasidagi bugungi muvaffaqiyatsizlik misli ko‘rilmagan hodisa, avvallari bunday yirik nosozliklar bo‘lmagan. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vaziri Do‘squl Bekmurzayev ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hodisa yuzasida davlatlararo komissiya tuziladi.

“Markaziy Osiyo energetika tizimida bunday nosozlik birinchi marta sodir bo‘ldi. Uning sabablari haqida gapirishga hali erta. Javob berish uchun davlatlararo komissiya tuziladi”, deydi Qirg‘iziston Energetika vaziri.

Shuningdek, Do‘squl Bekmurzayev, “Qirg‘izistonda elektr ta’minoti ikki soat ichida, issiqlik esa bir necha soat ichida to‘liq tiklanadi”, deb va’da berdi.

“Bugun tushda butun Qirg‘iziston elektr energiyasiz qoldi. Qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bor edi. Elektr ta’minotini bosqichma-bosqich tiklash boshlandi”, deya qo‘shimcha qilgan Do‘squl Bekmurzayev.

Ma’lumot uchun, Sovet Ittifoqi davridan beri Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston yagona energetika tizimiga ulangan.

“Konets sveta”

Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan dastlab, Toshkent metropoliteni faoliyati to‘xtatildi, poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. 

Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha aeroportlar faoliyati cheklandi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xojikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrining qator hududlarida elektr ta’minioti tiklandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

181

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing