Bukmekerlik giyohvand moddalar reklamasi bilan teng – Habib Nurmuhamedov

Sport

image

Rossiyalik sobiq MMA jangchisi Habib Nurmuhamedov bumekerlikni (sport o‘yinlariga pul tikish – tahr.) giyohvand moddalar bilan tenglashtirdi. Shu sababli u o‘zi asos solgan Eagle MMA ligasida bukmekerlik kompaniyalarini reklama qilmaydi. U bu haqda "Sport24" nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

"Bizda yetarlicha yaxshi homiylar bor. Ushbu hamkorlar bilan birgalikda musobaqalarda qatnashishimiz hamda turnirlar o‘tkazishimiz mumkin. Bizga bukmekerlar kerak emas. Menimcha, bukmekerlik alkogoldan ham xavfliroq. Bu spirtli ichimliklarni reklama qilishdan ham yomonroqdir. Chunki bukmekerlar oilalarni buzadi. O‘zingiz bilasiz, qancha oilalar bor bukmekerlar dastidan xonavayron bo‘lgan. Ularning aldovlariga asosan yosh yigitlar ishonadi. Yigitchalar ozgina o‘ynagach, qaram bo‘lib qoladi. Bu qanday kuchli kasallik ekanligini bilasiz. Qimor – bu giyohvandlik bilan bir xil. Ya’ni bukmekerlarni reklama qilish giyohvand moddalarni reklama qilish bilan teng. Men uchun qimor va giyohvandlik bir xil darajada. Hammasi giyohvandlik", degan sobiq chempion.

Qayd etish joizki, zamonaviy sportning asosiy homiylaridan biri sifatida bukmekerlar ko‘riladi. Ular millionlab oilalarni qashshoq qilish hisobiga milliardlab dollar yig‘moqda. Afsuski, bu o‘yinlarga qarshi ommaviy kurashib bo‘lmaydi. Sababi g‘arb mamlakatlarida bukmekerlik kompaniyalari gullab yashnamoqda. Ularning faoliyatiga hech qanday to‘siq va cheklovlar yo‘q. O‘zbekistonda esa bukmekerlik faoliyati bilan bog‘liq har qanday harakat qonunan taqiqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil oktyabr oyida 32 yoshli Nurmuhamedov UFC 254 turnirida Jastin Getjiini ikkinchi raundda mag‘lub etgan edi. Jangdan so‘ng rossiyalik jangchi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan. Habib MMA'dagi faoliyati davomida 29 ta jangda ishtirok etib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Jumladan UFC'dagi 13 ta jangda 13 ta g‘alabaga erishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Habib Nurmuhamedov

Baholaganlar

35

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made