Buxorolik yigit echkiemarga nos chektirdi (video)
3-sahifa
−
11 iyun 38176 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘z echkiemarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, unga nos chektirgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura o‘rganish olib bordi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu video joriy yil 1 iyun kuni Jondor tumani “Yosh kuch” mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan chop etilgan. U cho‘l hududidagi dala shiyponiga tasodifan kirib qolgan bo‘z echkiemarni ushlab, uning og‘ziga nos mahsulotini solgan va keyinchalik yaylovga qo‘yib yuborgan.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan tegishli xujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Tekshiruv harakatlari prokuratura tomonidan nazoratga olingan.
Prokuraturaning bildirishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, hayvonlarga, xususan muhofaza ostidagi turlarga nisbatan shafqatsiz muomala qilish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Bunday xatti-harakatlar nafaqat axloqqa zid, balki tabiiy muhit va biologik xilma-xillikka tahdid soluvchi jiddiy huquqbuzarlik hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, bo‘z echkiyemar – Markaziy Osiyo faunasining eng yirik kaltakesaklaridan biri bo‘lib, u echkiemarlar oilasining yagona vakili hisoblanadi. Uning uzunligi dumi bilan birga 160 santimetrga yetadi, og‘irligi esa 2,5 kilogramdan ortiq bo‘lishi mumkin. Mazkur turning O‘zbekiston Qizil Kitobiga, shuningdek, Xalqaro Qizil Ro‘yxatga kiritilgani – u global miqyosda yo‘qolib ketish xavfi ostida turganidan darak beradi.
U odam bilan to‘qnash kelganida o‘zini himoya qilish uchun tanasini shishirib, ovoz chiqaradi, tilini chiqaradi va tishlashga urinish bilan tahdid qiladi. Juda og‘riqli tishlashga ega bo‘lib, hatto katta odamning barmog‘ini tishlab uzib yuborishi mumkin.