Buxorodagi YTHning sababi va yo‘lovchilarning ahvoli ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Buxoro viloyatining Jondor tumanida O‘zbekiston-Qozog‘iston orasida qatnovchi avtobus yo‘l-trnasport hodisasiga uchragani haqida xabar bergan edik.

Ma’lum bo‘lishicha, Jondor tumani, “Luqmon” MFYga qarashli cho‘l massivi hududidan o‘tuvchi A-380 halqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘ylab Buxoro – Xorazm (Almata – Nukus) yo‘nalishida harakat qilayotgan mazkur avtobus haydovchisi ushbu yo‘lning 299-kilometrida uyqu elitishi natijasida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtobus yo‘lning chap tomoniga ag‘darilgan.

YTH natijasida avtobusda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Qoraqalpoq ko‘chasi, 36-uyda yashagan, voyaga yetmagan, 2008 yil 11 iyunda tug‘ilgan, Nukus shahridagi 31-maktabning 4-sinfini tamomlagan Aray Saparbayevna Umurzoqova voqea joyida vafot etgan.

Avtobusda 2 nafar haydovchi bilan birgalikda jami 46 nafar fuqarolar bo‘lgan (ularning 13 nafari Qozog‘iston, 33 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir).

Avtobusda bo‘lgan 12 nafar yo‘lovchi hodisa sodir bo‘lganidan so‘ng yo‘lovchi transportlarida yashash manzillariga ketib qolgan. Hozirda ushbu fuqarolarni shaxsini aniqlash bo‘yicha tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i I.Narziyevning ma’lum qilishicha, jabrlangan fuqarolar zudlik bilan Gazli shaharchasi shifoxonasiga yetkazilgan. Bu yerda ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

Transport va ichki ishlar vazirliklari, viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash boshqarmalari tezkor guruhlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida YTH oqibatida jabr ko‘rgan va ahvoli nisbatan xavotirli bo‘lgan fuqarolardan 12 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelindi. Ulardan 8 nafariga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvoli o‘nglangach, uylariga javob berildi. Qolgan 4 nafar bemorning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda bo‘lib, muolajalar davom ettirilmoqda.

Bugun, 6 avgust kuni viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev YTH oqibatida jabrlanganlar holidan xabar olish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga keldi va bu yerda ularga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishga oid tezkor choralar belgilandi. 

Holat yuzasidan avtobus haydovchisi R.Aliyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Buxoro

Baholaganlar

32

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing