Buxorodagi “Otbozor” turmasida qiynoqlar davom etyaptimi?
3-sahifa
−
22 fevral
12096Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda mahbuslarga nisbatan qiynoqlar davom etayotgani haqida videoxabar tarqaldi. Ombudsman holat yuzasidan o‘rganish olib bordi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatda Buxoro viloyati "Otbozor" turmasida saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan qiynoqlar amal qilishi haqida so‘z borgan. Unda mahkumlarning sochlari taqir kalga olinishi, ularga tefal va nos kiritilmasligi, ko‘nikma markazlari va tintuvga oid noroziliklar bildirilgan.
Ushbu videoxabarda Buxoro shahridagi 4-son Tergov hibsxonasi (TH) haqida gap ketayotgani aniqlangan. Murojaat zudlik bilan Ombudsman nazoratiga olinib, uning viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganildi.
Monitoring davomida, hibsxonada saqlanayotgan mahbuslar bilan uchrashilib, xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan so‘ralganda, ular qaynatilgan suv so‘ralgan zahotiyoq berilayotgani, sochlari esa faqat mashinkada yengillashtirilgan holda olinishi, har hafta yuvinishga yetarli vaqt berilayotgani, posilka va banderollar hamda yo‘qlovlar orqali tamaki mahsulotlari olayotganliklarini bildirgan.
Ular bilan suhbat davomida ombudsman mintaqaviy vakiliga qiynoq holati bo‘yicha murojaatlar kelib tushmadi. “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga qonunchilikda belgilangan sanitariya, gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan maishiy sharoitlar yaratiladi.
THda xavfsizlik nuqtayi nazaridan tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaqin qarindoshlari tomonidan elektron choynak berilishi taqiqlangan. Monitoringda hibsxona ma’muriyati tomonidan THda saqlanayotgan shaxslarni doimiy ravishda qaynatilgan suv va issiq choy bilan ta’minlash maqsadida suv qaynatkich o‘rnatilgani aniqlandi.
Qayd etish joizki, nos tamaki mahsuloti rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagani, mahsulot nimadan iboratligi noma’lum bo‘lgani sababli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga berilishiga hibsxona rahbariyati tomonidan cheklov qo‘yilgani aniqlandi.
Tergov hibsxonasiga olib kelingan shaxslarni 10 kun davomida ko‘nikma markaziga joylashtirish holatiga aniqlik kiritish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga ombudsman nazorat xati kiritildi. Ombudsman mintaqaviy vakili 2024 yilning yanvar va fevral oylarida ushbu hibsxonaga jami 5 marotaba monitoring tashrifini amalga oshirgan va “ombudsman quti”laridagi murojaatlarni qabul qilgan.
Sarvar Xurramov