Buxoroda soxta akkaunt orqali mansabdor shaxs nomidan firibgarlik qilindi (video)

3-sahifa

image

Buxoro viloyatida noma’lum shaxs oson yo‘l bilan pul topish maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida viloyatdagi nufuzli tashkilot rahbari nomidan soxta akkaunt ochgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, ushbu fuqaro ishonchga kirish uchun ochilgan sahifaga tashkilot rahbariga tegishli suratlarni joylashtirib, o‘zini mansabdor shaxs sifatida ko‘rsatishga harakat qilgan. Soxta akkaunt orqali viloyat hududida faoliyat yurtayotgan bir qator korxona, muassasa va tashkilot rahbarlariga “xizmat topshirig‘i” mazmunidagi xabarlar yuborgan. 

Shundan so‘ng, turli bahonalar bilan xizmat yuklatilgan shaxsning o‘zi kelib ovora bo‘lmasligini bildirib, masalani tez hal etish uchun zarur pul mablag‘larini plastik karta orqali o‘tkazib berishni so‘ragan. O‘zini yuqori lavozimdagi rahbar sifatida tanishtirgan shaxsning yolg‘onlariga ishongan tashkilot rahbarlaridan biri bank plastik kartasiga 8 million so‘m pul mablag‘larini o‘tkazib bergan. 

Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor qidiruv va surishtiruv tadbirlari olib borilgan. Natijada ushbu jinoyatni 1980 yilda Olot tumanida tug‘ilgan muqaddam bir necha bor sudlangan, hozirda ishsiz, Kogon tumanida yashovchi fuqaro sodir etgani aniqlangan. 

Ayni vaqtda mazkur shaxsning boshqa, shunga o‘xshash jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qozg‘atilgan hamda tergov harakatlari davom etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bojxona qo‘mitasi nomidan soxta sahifalar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingandi.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Telegram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing