Buxoroda “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola vafot etdimi? SSV “tilga kirdi”
Jamiyat
−
25 yanvar 2023
12551Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bir kunning o‘zida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, bu ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
O‘rganishlar davomida Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday o‘lim holati kuzatilmagan.
“Shunga qaramay, vazirlik yurtdoshlarimizga har qanday dori vositasidan shifokor ko‘rsatmasisiz va o‘zboshimchalik bilan foydalanmaslik zarurligini yana bir bor eslatib o‘tadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropidan O‘zbekistonda 20 nafar bola vafot etdi. “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. 2023 yilning 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisini “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplaridan saqlanishga chaqirdi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan dori vositasini O‘zbekistonga olib kirgan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi. 13 yanvar kuni “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi va uning litsenziyani bekor qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, “Sinepar” siropi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” muallifi – Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.