Buxoroda oilali erkakni shantaj qilgan dugonalar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Buxoro viloyatining Vobkent tumanida o‘zaro til biriktirib, oilali erkakni shantaj qilgan ikki dugona qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. 
 
Qayd etilishicha, Vobkent tumanida istiqomat qiluvchi, oilali va ikki nafar farzandning otasi hamda 1991 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan ayolning o‘zaro ishqiy munosabatdagi yozishmalari bo‘lgan. Ushbu yozishmalarni ayolning dugonasi ko‘rib qolgan. 

Shundan so‘ng, dugona ushbu ma’lumotlarni oshkor qilib, uni sharmanda qilish bilan qo‘rqitgan. Ayol esa sir fosh bo‘lmasligi uchun dastlab dugonasiga pul bergan. Biroq keyinchalik ushbu ikki dugona o‘zaro jinoiy til biriktirib, vaziyatdan moddiy manfaat ko‘rishni maqsad qilgan. Keyin ayol erkak bilan bog‘langan va yozishmalarni dugonasi ko‘rib qolganligini hamda undan pul talab qilayotganligini aytib, unga bosim o‘tkazgan. Ayol ushbu sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni yigitning oilasi va turmush o‘rtog‘iga yetkazish hamda oilasini buzib yuborish bilan tahdid qilib, undan jami 6 mln 800 ming so‘m miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilgan.

Vobkent tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, savdo do‘konlaridan birining oldida erkakka tegishli bo‘lgan Spark rusumli avtomashina ichida gumonlanuvchi talab qilgan 100 AQSH dollari va 5 mln 600 ming so‘m miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda ayoldan behayo foto va videolarini tarqatmaslik evaziga 30 million talab qilgan shaxs qo‘lga olingan edi.

Shahzoda Shukurullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Buxoro shantaj oilali erkak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing