Buxoroda koronavirus aniqlangani rostmi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida koronavirus bilan og‘rigan bemor aniqlangani haqida videomurojaat tarqaldi. Unda buxorolik Sardor Po‘latov Buxoroda ushbu kasallikka chalingan ayol topilgani aytib, odamlarni ogohlantirmoqchi ekanini ta’kidlaydi. 

Yigit hammani gigiyenaga rioya qilish: sovun bilan qo‘l yuvish, tibbiyot niqoblarini taqish, daydi hayvonlarni chetlab o‘tish va ko‘chada fastfud iste’mol qilmaslikka chaqirgan.

“Bu xavfli bo‘lishi mumkin, chunki biz bu kasallik qanday o‘tishi, aynan Buxoroda bu kasallikdan dori borligini bilmaymiz”, degan u videorolikda.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mazkur videomurojaat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilib, videomurojaat egasi yolg‘on ma’lumot tarqatgani aniqlangan.  

Viloyat IIBdan ma’lum qilinishicha, videorolik muallifi topilgan va u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

“Bu yigit shahardagi oliygohlardan birida tahsil olayotgan talaba – Sardor Po‘latov ekanligini ma’lum bo‘ldi – u bu haqida “tengqurlar bilan suhbatda eshitib qolgan ekan.

Aholini tinchlantirish va paydo bo‘lgan sarosimani minimallashtirish maqsadida huquq-tartibot organlari tezkorlik bilan raddiya tayyorlab, tarqatishdi.

Yigit noto‘g‘ri ma’lumot aytganligini tan oldi va sarosimaga sabab bo‘lgan xabarni tarqatgani uchun kechirim so‘radi.

Videoda talaba yolg‘on ma’lumotlarni aytganini shahar tug‘ruq majmuasi xodimi Gulchehra Sayfullayeva ham tasdiqladi. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida Buxoroda haqiqatan ham bemorlarning o‘lim holatlari qayd etilgan. Biroq, ularning hech birida koronavirus tasdiqlanmagan.

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida koronavirus infeksiyasi tarqalganligi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialida bemor mazkur kasallikdan vafot etganligi hamda bir guruh bemorlarning ushbu virus alomatlari bilan davolanayotganligi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz ekanini ma’lum qilgandi”, deyiladi IIB xabarida.

Eslatib o‘tamiz, kecha Jizzaxda koronavirus tarqalgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Biroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu xabarlarni asossiz deb topdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Koronavirus

Baholaganlar

1107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing