Buxoroda giyohvand modda sotishga uringan afg‘onistonlik qo‘lga olindi 

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bir guruh og‘ufurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi

Ta’kidlanishicha, narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Qorako‘l tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini sotmoqchi ekani to‘g‘risida ma’lumotlar olingan. Shundan so‘ng tezkor tadbir rejasi ishlab chiqilgan va narkosavdogar kuzatuvga olingan. 

Qorako‘l tumani Tayqir MFY hududidan o‘tuvchi yo‘l yoqasida u 1 kilogramm 681 gramm opiy moddasini 1959 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsga 9 100 dollarga sotgan vaqtida ularning har ikkisi ham qo‘lga olingan. 

Shuningdek, dastlabki surishtiruv harakatlari davomida og‘ufurush kelgusida sotish maqsadida yashash xonadonining tomorqasiga 1 kilogramm 68 gramm opiy moddasini yashirib qo‘ygani ma’lum bo‘lgan. U ham xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Musodara etilgan giyohvandlik vositalari afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan keltirilgani to‘g‘risida ma’lumotlar olingan. Xizmat xodimlari hamda viloyat bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbirning ikkinchi bosqichi amalga oshirilgan. 

Natijada, 1971 yil Afg‘onistonning Balx viloyatida tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi 940 gramm opiy moddasini Buxoro shahriga olib kelib, 2 500 dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olingan. 

Ushbu giyohvandlik vositasi boshqa afg‘on narkokurerlari tomonidan bojxona nazoratidan yashirilib, O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 3 kilogramm 689 gramm opiy moddasi musodara qilingan. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan har uchala fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Qorasuv shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro qirg‘izistonlik narkokurerlar tomonidan Andijon shahriga yetkazib berilgan 5 kilogramm 311 gramm gashish moddasini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan. 

Uning yashash manzilida 224 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Bundan tashqari, uning jinoiy sherigi bo‘lgan Qorasuv shahrida istiqomat qiluvchi, 1994 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olingan. 

Hozirda Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur ikki fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston jinoyat Buxoro

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing